Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

AQShga qochib o‘tgan xitoylik virusolog koronavirus haqidagi haqiqatlarni fosh qildi

AQShga qochib o‘tgan xitoylik virusolog koronavirus haqidagi haqiqatlarni fosh qildi

Xitoydan AQShga qochib o‘tgan virusolog Li-Meng Yan "Fox News" nashriga intervyu berdi. Intervyuda bir qator kutilmagan faktlarni ma’lum qildi.

Uning fikricha, Xitoy koronavirus haqida oldinroq bilgan. Uning rahbarlari hayotni saqlab qolishi mumkin deb hisoblagan tadqiqotlarini ham e’tiborsiz qoldirgan.

Ayolning qo‘shimcha qilishicha, ular Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti gripp virusi va pandemiyaga ixtisoslashgan ma’lumot laboratoriyasi maqomini olgan holda, ayniqsa, virus 2020 yilning dastlabki kunlarida tarqala boshlaganligi sababli dunyoni xabardor qilishi kerak edi.

Yan, hozir yashirinib, o‘zi tug‘ilgan mamlakatda hukumat uning obro‘siga putur yetkazishga harakat qilayotganini, hukumat unga qarshi kiberhujum uyushtirayotganligini ta’kidladi.

Yan hayoti xavf ostida deb hisoblaydi. U hech qachon o‘z uyiga qaytib borolmaydi va o‘z do‘stlari yoki oilasini boshqa ko‘rolmaydi.

"AQShga kelganimning sababi, men koronavirus haqidagi haqiqatni yetkazishim kerak edi", dedi u Fox Newsga.

Agar u Xitoyda bo‘lib o‘tgan voqeani aytib berishga harakat qilsa, "g‘oyib bo‘lishi va o‘ldirilishini" ham yashirmadi.

Yan koronavirusni o‘rgangan dunyodagi birinchi olimlardan biri bo‘lganini da’vo qilib, unga rahbari Leo Pun 2019 yilda SARS-ga o‘xshash kasallikni o‘rganishni buyurgan.

"Xitoy hukumati chet ellik mutaxassislarga, shu jumladan Gonkongdagi mutaxassislarga Xitoyda tadqiqot o‘tkazishga ruxsat berishdan bosh tortdi, – dedi u. – Shunday qilib, men ko‘proq ma’lumot olish uchun do‘stlarimga murojaat qildim".

Yanning aytishicha, koronavirusning odamdan odamga yuqishi o‘sha paytlardayoq ma’lum bo‘lgan, uning do‘stlaridan biri buni aniqlagan va topilmalarining bir qismini xo‘jayiniga qaytargan. Rahbari esa bunga javoban shunchaki boshini qimirlatib qo‘ygan va ishlashda davom etishini aytgan.

Ammo bir necha kundan keyin Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shunday bayonot berdi: "Xitoy rasmiylarining fikriga ko‘ra, ushbu virus ba’zi bemorlarda og‘ir kasalliklarga olib kelishi mumkin va odamlar o‘rtasida osonlikcha yuqmaydi”.

Yanning so‘zlariga ko‘ra, u va uning hamkasblari Xitoyda ushbu virusni muhokama qilishgan, ammo tez orada ohang keskin o‘zgargan.

Virusni ochiq muhokama qilgan shifokorlar va tadqiqotchilar to‘satdan tazyiq ostida qolishgan. Uxan shahrida bo‘lganlar esa tafsilotlarni so‘ramasliklari haqida ogohlantirilgan.

Shifokorlar dahshatli tarzda: "Biz bu haqda gapira olmaymiz, lekin niqob kiyishimiz kerak, deyishardi”, – dedi Yan.

Keyin virusning odamdan odamga yuqish ko‘rsatkichlari eksponent ravishda o‘sishni boshladi va Yan javoblarni qidira boshladi.

"O‘z vaqtida davolanmaydigan va tashxisni vaqtida qabul qilmaydigan ko‘plab bemorlar bor, – dedi Yan. – Shifokorlar qo‘rqishadi, lekin ular gapira olmaydilar".

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yan o‘z topilmalarini yanvar oyida yana rahbariga ma’lum qilgan. Lekin rahbari unga "sukut saqlashni va ehtiyot bo‘lishni” tayinlagan.

"U menga ilgari ogohlantirganidek, qizil chiziqni bosmang, dedi”, – deydi Yan.

U, shuningdek, JSSTga qarashli laboratoriya hammuassisi, professor Malik Peyris bu haqda bilganligini, ammo hech narsa qilmaganligini ta’kidlaydi.

Peyris ham izoh berish uchun so‘rovlarga javob bermadi.  Yan esa bundan jahllandi, ammo ajablanmadi.

"Men buni allaqachon bilganman, chunki JSST kabi Xitoy hukumatiga va Xitoy Kommunistik partiyasiga qarshi bunday xalqaro tashkilotning korrupsiyasini bilaman, – dedi u. – Bu noto‘g‘ri ma’lumotlarning dunyoga tarqalishini istamayman".

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Xitoy koronavirusni yashirish haqidagi da’volarni keskin rad yetdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yan, Pun yoki Peyris tashkilotda bevosita ishlaganini rad yetdi.

"Professor Malik Peyris yuqumli kasallik mutaxassisi, JSST missiyalari va ekspert guruhlarida bo‘lgan, – dedi JSST vakili Margaret Enn Xarris. – Ammo bu uni JSST xodimiga aylantirmaydi va u JSST vakili ham emas".

Undan oldin ham ko‘pchilik singari, Yan Xitoyga qarshi gapirishga qaror qilganida, uning hayoti, shuningdek, unga yaqin bo‘lganlarning hayoti xavf ostida bo‘lganligini aniqladi.

Yan ketishga qaror qildi, ammo uning laboratoriyasida ishlagan eri rafiqasi bilan bog‘liq vaziyatni bilganida holat vaziyat murakkablashdi.

"U butunlay xafa bo‘ldi, – dedi Yan eri haqida gapirib. – U meni aybladi, ishonchimni yo‘qotmoqchi bo‘ldi... U barchamizni o‘ldirishadi dedi".

Yan esa shu gapdan so‘ng yolg‘iz o‘zi mamlakatni tark etishga qaror qildi.

U AQShga chipta oldi. 13 soatlik sayohatdan keyin Los-Anjeles xalqaro aeroportiga kelib qo‘nganida, uni bojxona xodimlari to‘xtatdilar.

Yanni qo‘rquv qamrab oldi va qamoqqa tushishini yoki Xitoyga qaytarilishini bilmas edi.

"Men ularga haqiqatni gapirishim kerak edi, – dedi u. – Men to‘g‘ri ish qilyapman. Shuning uchun ularga: "Xitoyga qaytib borishga ijozat bermang. Men Covid-19 haqidagi haqiqatni aytgan odamman... Va iltimos, meni himoya qiling. Xitoy hukumati meni o‘ldiradi", dedim”.

Taxminlarga ko‘ra, FQB uni tergovga chaqirgan. Yanning ta’kidlashicha, ular bir necha soat davomida u bilan suhbatlashishdi, dalil sifatida uyali telefonini olib, o‘z manziliga borishiga ruxsat berishdi.

Yanning ta’kidlashicha, hukumat u tug‘ilib o‘sgan Kingdao shahrini egallab olgan va agentlar uning kvartirasini titib tashlashgan, ota-onasini so‘roq qilishgan. U onasi va otasi bilan bog‘langanida, ular uyiga kelishini iltimos qilishdi, u nima haqida gapirayotganini bilmasligini aytishdi va janjaldan voz kechishini so‘rashdi.

Gonkong universiteti uning sahifasini o‘chirib tashladi, ehtimol, yillik ta’tilda bo‘lganiga qaramay, uning onlayn-portallari va elektron pochtalariga kirish huquqini bekor qildi.

"Doktor Li-Meng Yan endi universitetning xodimi emas, – deyilgan bayonotda. – Hozirgi va oldingi xodimlarimizga bo‘lgan hurmatimiz tufayli biz u haqida shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilmaymiz. Bizni tushunganingiz uchun rahmat".

Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Xitoy elchixonasi Fox Newsga Yanning kimligini bilmasliklarini, Xitoy pandemiyaga qarshi qahramonona kurashganini aytdi.

"Biz bu odam haqida hech qachon eshitmaganmiz, – deyilgandi elchixona jo‘natgan elektron xabarda. – Xitoy hukumati Covid-19 paydo bo‘lganidan beri tezkor va samarali javob qaytardi. Uning barcha sa’y-harakatlari aniqlik bilan tasdiqlangan. Faktlar barchaga ma’lum".

Xitoydan qochgan Yan esa gapirishda davom etishini ma’lum qildi.

Kiritildi: 13:16 12.07.2020. O'qildi: 23653 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!