Jazirama Nyu York va Nyu Jersida favqulodda holatga sabab bo‘ldi.
AQShda 23 iyun kuni ochiq havoda o‘tkazilgan marosimdan so‘ng kuchli issiqlik tufayli 150 dan ortiq kishi og‘ir ahvolga tushdi. Bu haqda BBC xabar berdi. Marosim Nyu Jersi shtati Paterson shahrida bo‘lib o‘tgan. Shahar meri 100 dan ortiq odamning ahvoli yomonlashganidan so‘ng shaharda favqulodda holat e’lon qilgan. Hududdagi maktablarda bitiruv marosimlarining ko‘pchiligi bekor qilingan, shuningdek, barcha ochiq osmon ostidagi tadbirlarga vaqtincha cheklovlar joriy etilgan.
AQShning g‘arbiy qismida boshlangan anomal issiqlik sharqiy qirg‘oq, shuningdek, Kanadaning Ontario, Kvebek va Yangi Shotlandiya hududlariga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Bir hafta davomida 160 milliondan ortiq odam kuchli issiqlik ta’sirida qolgan.
Shimoliy Karolina shtatida ham o‘nlab odamlar issiqlik tufayli shifoxonalarga murojaat qilgan. Kamida 41 kishi, jumladan, bolalar kasalxonaga yotqizilgani ma’lum qilingan.
Mutaxassislar Shimoliy Amerikaning barcha hududlarida haroratning keskin oshishi, ayniqsa, yuqori namlik fonida issiqlik bilan bog‘liq kasalliklar xavfi sezilarli darajada ortishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ayrim sharqiy shaharlarda hatto kechasi ham harorat +27 darajadan pastga tushmasligi qayd etilgan. Nyu-Yorkda 24 iyun kuni harorat +38 darajani tashkil etgan — bu 1966 yildan beri shaharda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.