AQSh hukumati o‘tgan oyda Xitoy va Shimoliy Koreya tomonidan tahdidlarga duch kelayotgan Sharqiy Osiyodagi xavfsizlik shartnomasi bo‘yicha ittifoqchisi Yaponiyaga uchta yirik qurol sotishni ma’qulladi.
AQSh va Yaponiya o‘zaro hamkorlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan. Vashington o‘nlab yillar davomida Tokioning mudofaa qobiliyatini yashirin qiruvchi samolyotlar kabi ilg‘or samolyotlardan tortib raketalar va boshqa mudofaa qurilmalarigacha bo‘lgan zamonaviy harbiy texnikalarni yetkazib berish orqali mustahkamlab kelgan.
Xitoy harbiy kuchlari Xitoyga qarshi "birinchi orollar zanjiri" deb nomlanuvchi to‘siqning bir qismi hisoblangan Yaponiya orollari atrofiga havo va dengiz kuchlarini tez-tez yuborib turgan. Yadro quroliga ega bo‘lgan Shimoliy Koreya esa Yaponiya yaqinidagi suvlarni nishonga olgan raketa sinovlarini davom ettirmoqda.
Juma kuni AQShning Mudofaa vazirligi qoshidagi Mudofaa xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik agentligi (DSCA) AQSh Davlat departamenti Yaponiyaga Standard Missile 6 (SM-6) Block I raketalarini 900 million dollarga sotish imkoniyatini ma’qullaganini e’lon qildi. Yaponiya 150 tagacha shunday raketani sotib olishni so‘ragan.
SM-6 ishlab chiqaruvchisi Raytheonning ta’kidlashicha, bu raketa havoga qarshi, kemaga qarshi va ballistik raketalarga qarshi operasiyalarni amalga oshira oladi. 290 mil (470 km) masofaga ucha oladigan bu raketa harbiy kemalardan, shuningdek, O‘rta masofali imkoniyat (MRC) tizimi kabi quruqlikdagi uchirgichlardan ham uchirilishi mumkin.
DSCA’ning aytishicha, bu sotuvning natijasida Yaponiya o‘zining AEGIS deb nomlanuvchi Amerika jangovar tizimi bilan jihozlangan harbiy kemalaridan Standard Missile'ning eng so‘nggi variantini joylashtirish orqali hozirgi va kelajakdagi tahdidlarga qarshi kurashish qobiliyatini oshiradi. AEGIS tizimi havo va raketaga qarshi mudofaani ta’minlaydi.