AQShning F, M va J turdagi talabalar vizasiga ariza beruvchi fuqarolar so‘nggi 5 yil ichida foydalangan barcha ijtimoiy tarmoq akkauntlari haqida ma’lumot taqdim etishi shart bo‘ldi.
Bu haqda AQShning Malidagi elchixonasi rasmiy veb-saytida xabar berildi.
Ma’lumotga ko‘ra, barcha ijtimoiy tarmoq akkauntlari ochiq bo‘lishi kerak, ya’ni talabgorlar o‘z sahifalarini ommaga ochiq holda taqdim etishlari talab etiladi. Bu shaxsning shaxsini aniqlash va mamlakatga kirishda xavfsizlik tekshiruvlarini kuchaytirish maqsadida joriy etilgan.
«Ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha ma’lumotni taqdim etmaslik vizaning rad etilishiga hamda kelgusida viza olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishga sabab bo‘lishi mumkin», — deyiladi elchixona bayonotida.
Bu qoida AQSh Davlat departamentining yangi talablari doirasida joriy etilgan bo‘lib, barcha talabalar, almashinuv dasturlari ishtirokchilari va o‘qish maqsadida viza olishni istovchi fuqarolarga taalluqli.