Donald Tramp yaqin 100 kun ichida Ukrainadagi urushni tugatishga harakat qiladi. Bu haqda AQSh vise-prezidenti Jey Di Vens Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
"Dastlabki 100 kun ichida siz deyarli barcha xatolarni tuzatasiz. Keyingi 100 kun ichida ko‘p narsa bunchalik tez o‘zgarmaydi. Ko‘rinib turibdiki, bizda tashqi siyosatga doir ko‘plab masalalar bor, ular ustida ishladik va menimcha, mazkur harakatlar keyingi 100 kun ichida u yoki bu tarzda o‘z natijasini beradi. Prezident Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni har hafta har ikki tomondan 5 ming kishi halok bo‘lmaydigan, barqaror tinchlikka erishish orqali hal qilinishiga erishmoqchi", – deya ta’kidladi Vens.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bosqichda ikkala tomon ham o‘z xohishlarini aytishgan.
"Endi diplomatiyaning vazifasi bu ikki tomonni qandaydir tarzda yaqinlashtirishga harakat qilish bo‘ladi, chunki ruslar va ukrainaliklarning xohishlari o‘rtasida juda katta jarlik bor", — deya qo‘shimcha qildi vitse-prezident.