AQSh Moliya vazirligi 15 yanvar kuni Qirg‘izistonning “Keremet Bank”iga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Bank Rossiyaga qarshi cheklovlarni chetlab o‘tishda ko‘maklashganlikda ayblanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, kamida 2024 yilning yozidan beri bu bank o‘z faoliyatini Rossiya mansabdor shaxslari va “Promsvyazbank” bilan muvofiqlashtirgan. Sanksiyalarni chetlab o‘tish sxemasi doirasida “Keremet Bank” “Promsvyazbank” nomidan transchegaraviy pul o‘tkazmalarini amalga oshirgan. Ikkinchi bank Rossiyaning mudofaa sektorida ishlayotgani sababli 2022 yilda unga qarshi sanksiyalar joriy qilingandi.
“Bank Rossiya harbiy-sanoat bazasi korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun milliardlab dollar ajratgan”, degandi AQSh Moliya vazirligi.
2024 yilda Qirg‘iziston Moliya vazirligi “Keremet Bank”ning nazorat paketini “Rossiya hukumati bilan aloqador bo‘lgan rus oligarxiga yaqin” firmaga sotdi. Vazirlik firma nomini ma’lum qilmadi. Amerika idorasi ta’kidlashicha, “Keremet Bank”ni sotib olish Rossiya uchun sanksiyalarni chetlab o‘tish va import-eksport to‘lovlarini amalga oshirishda maxsus markaz tashkil etish maqsadida amalga oshirilgan.
AQSh Davlat departamenti 150 dan ortiq yuridik va jismoniy shaxslarga, jumladan, Rossiya mudofaa sanoatining keng doirasidagi kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy etmoqda. Yangi cheklovlar jami 15 ta moliyaviy tashkilot va 1 ta jismoniy shaxsni qamrab oldi. Ular Rossiya harbiy sanoatini qo‘llab-quvvatlash uchun sanksiyalarni chetlab o‘tishda ayblanmoqda.