AQSh Mudofaa vazirligi qurolli kuchlar tuzilmasini optimallashtirish va operasiya samaradorligini oshirish maqsadida generallar va admirallar sonini 20 foizga qisqartirishga qaror qildi. Bu haqda Anadolu nashri yozgan.
Vazirlik bayonotida armiyaning salohiyati va jangovar tayyorgarligini saqlab qolish uchun harbiy qo‘mondonlik tuzilmasini soddalashtirish zarurligi qayd etilgan.
“Ushbu chora-tadbirlar harbiy boshqaruv tizimini yanada moslashuvchan va zamonaviy qilishga qaratilgan. Yangi tizim byurokratik emas, balki innovasiyalarni qo‘llab-quvvatlash va tezkor takomillashtirishga asoslangan”, – deyiladi bayonotda.
Xususan, to‘rt yulduzli generallar va admirallar soni kamida 20 foizga qisqartiriladi. Ushbu qisqartirish Milliy gvardiyada xizmat qilayotgan yuqori martabali zobitlarga ham ta’sir qiladi.
“Ushbu qadamlar qo‘yilgach, mudofaa tuzilmasi har qachongidan ham harakatchan va samaraliroq bo‘ladi. Ushbu chora-tadbirlar orqali biz dunyodagi eng qudratli jangovar kuch bo‘lib qolamiz, kuch-quvvat orqali tinchlikni mustahkamlaymiz, samaradorlik, innovasiya va tayyorgarligimizni oshiramiz”, – deya xulosa qildi vazirlik.