1-iyul kuni AQSh hukumati Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin bo‘yicha maxsus ma’ruzachici Franseska Albaneze tomonidan tayyorlangan hisobotga keskin e’tiroz bildirdi. Ushbu hisobotda bir qator yirik xalqaro kompaniyalar – jumladan, Google, Amazon, Microsoft va Palantir – Isroilning Falastindagi harakatlarini moliyaviy va texnologik jihatdan qo‘llab-quvvatlayotgani uchun tanqid qilindi.
Albaneze o‘z hisobotida Isroil tomonidan olib borilayotgan harbiy harakatlarni “bosqin”, “genosid” va “aparteyd” deb atap, bu harakatlar orqali Isroil iqtisodiy foyda olayotganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, 2023-yil oktyabridan buyon G‘azo sektoridagi urushda 56 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, Isroil fond bozori esa bu davrda 179 foizga o‘sgan.
Shuningdek, hisobotda ko‘plab qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, masalan Elbit Systems va Lockheed Martin, Isroilning harbiy faoliyatida faol ishtirok etayotgan texnologik kompaniyalar bilan bir qatorda tilga olingan. Albaneze bu kompaniyalarning faoliyatini “genosid iqtisodiyoti”ning bir qismi deb atadi.
AQSh rasmiylari ushbu hisobotni “haqoratli” va “asossiz” deb atab, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishdan Franseska Albanezeni lavozimidan chetlatishini talab qildi. Vashington, agar bu talab bajarilmasa, BMTga nisbatan “jiddiy choralar” ko‘rilishini ma’lum qildi.
Albaneze o‘z navbatida Isroilga qurol embargosi qo‘yishni, kompaniyalarga esa harbiy jinoyatlarda hamkorlik qilganlik aybi bilan tergov ochishni taklif qildi.
Ushbu mojaro Xalqaro jinoiy sud tomonidan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantga qarshi hibsga olish orderi berilgan, hamda BMT sudida Isroilga nisbatan genosid ishi ko‘rib chiqilayotgan bir vaqtda yuz bermoqda.