Bruegel tahlil markazi va IfW Kiel Jahon iqtisodiyoti instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, agar Yevropa Rossiya tajovuzidan Qo‘shma Shtatlarning yordamisiz himoyalanmoqchi bo‘lsa, har yili joriy harbiy xarajatlarga qo‘shimcha ravishda 250 milliard yevro sarflashi kerak bo‘ladi. Bu mablag‘, xususan, 300 ming askardan iborat 50 ta yangi brigadani shakllantirish uchun sarflanishi lozim.
Evrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqi uchun Maastrixt shartnomasida belgilangan qarz cheklovlarini yumshatishni taklif etmoqchi. Bu Yevropa hukumatlariga tanklar, qiruvchi samolyotlar va o‘q-dorilar uchun milliardlab yevro mablag‘ sarflash imkonini beradi, bunda ushbu xarajatlar byudjet kamomadi limitiga kiritilmaydi. Germaniyaning amaldagi kansleri Olaf Shols ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Fransiya, Ispaniya, Italiya va Gresiya Yevropani qurollanish xarajatlarini Yevropa umumiy qarzi hisobidan moliyalashtirishini taklif qilmoqda, bu esa ularning yuqori qarzdorlikka ega milliy byudjetlarini himoya qilishga yordam beradi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron koronavirus pandemiyasidan keyingi Yevropa tiklanish jamg‘armasiga o‘xshash 1 milliard yevrolik Yevropa mudofaa jamg‘armasini tashkil etishga chaqirmoqda.
Bundan tashqari, YEIning bir qator mamlakatlari Yevropa investisiya banki qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar xarid qilish uchun past foizli kreditlar ajratishini qullab-quvvatlamoqda.