Ma’lum bo‘lishicha, Andijon shahrida yashovchi N.X. 2016 yilda Rossiya federasiyasiga ishlash uchun ketgan. U xorijda bo‘lgan davrida sobiq turmush o‘rtog‘i tomonidan aliment undirish uchun sudga da’vo ariza kiritilgan.
Shunga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining 02.05.2019 yildagi ijro hujjatiga asosan qarzdor N.X.dan undiruvchi N.X.foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor 2016 yilda xorijga chiqib ketganligi va joriy yilda yurtimiz hududiga qaytganligi aniqlangan.
Qarzdorning aliment qarzi mavjudligi sabab mamlakatimiz hududidan chetga chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan. Chetga chiqish huquqlarini tiklash maqsadida ota aliment qarzi va kelgusidagi aliment to‘lovlari evaziga o‘zining Andijon shahrida joylashgan ikki xonali uyini berishini ma’lum qilgan.
Sud orqali ijro etish usuli va tartibi o‘zgartirilib, 48 mln. so‘m aliment qarzi va farzandlar voyaga yetguniga qadar hisoblangan 94,1 mln. so‘m evaziga ikki xonali uyning hujjatlari undiruvchi N.X.ning nomiga rasmiylashtirib berildi.