Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Andijonda koronavirusga chalingan homilador ayollar yerda yotibdi. Hokimlik esa 2152 ta zaxira o‘rni borligini ma’lum qildi (FOTO)

Andijonda koronavirusga chalingan homilador ayollar yerda yotibdi. Hokimlik esa 2152 ta zaxira o‘rni borligini ma’lum qildi (FOTO)

Andijon shahar shifoxonasining ginekologiya bo‘limida koronavirusga chalingan ayollar yerda yotibdi. Bu haqda jurnalist Xurshid Daliyev xabar berdi.

Xurshid Daliyev Andijon viloyatida COVID-19 bilan kasallanib, yerda yotgan homilador ayollarning suratlarini e’lon qildi. Jurnalistning yozishicha, suratlarni COVID-19 bilan kasallanib, Andijon shahar shifoxonasining ginekologiya bo‘limiga yotqizilgan ayol jo‘natgan va u yerdagi sharoit ayanchli holatda ekanligini, homilador ayollar yerda, beton ustida yotganini bildirgan.

Andijonda koronavirusga chalingan homilador ayollar yerda yotibdi. Hokimlik esa 2152 ta zaxira o‘rni borligini ma’lum qildi (FOTO)

«Gazeta.uz»ning yozishicha, Andijon viloyati hokimligi mazkur xabarga munosabat bildirib, 7 oktyabr holatiga ko‘ra viloyatda 2152 ta maxsus jihozlangan koyka-o‘rin zaxirasi mavjudligini ma’lum qilgan. Viloyat hokimligi tomonidan xabar berilishicha, mazkur koyka-o‘rinlarning barchasi kislorod konsentratorlari bilan jihozlangan. Andijon viloyati hokimligi, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda mutasaddi tashkilotlardan iborat ishchi guruh tuzilib, mazkur holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi statistikasiga ko‘ra, 6 oktyabrgacha Andijon viloyatida 1621 kishi koronavirusga chalingan, 1522 kishi kasallikdan tuzalgan.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov esa 6 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Samarqand viloyatidagi koronavirus bilan bog‘liq rasmiy statistikadan farq qiladigan ma’lumotlarni taqdim etdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 5 oktyabr soat 23:00 holatiga Samarqand viloyatida 2160 kishida koronavirus aniqlangan, 2017 nafar bemor tuzalgan. Kasallik oqibatida viloyatda vafot etganlar sonini hisobga olganda, bugungi kunda viloyatda COVID-19 bilan kasallangan taxminan 100 nafardan ortiq bemor davolanmoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Samarqand viloyatidagi koronavirusga chalinib, tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlarning haqiqiy soni 1155 kishini tashkil qiladi.

«Nima uchun (statistikani) 10 marta kamaytirish kerak? Balki bu korrupsiya emasdir. Biz sabablarni o‘rganishimiz kerak. Samarqand viloyati misolida aytishim mumkinki, bunday vaziyat barcha viloyatlarda mavjud. Ya’ni, biz statistikani ham, tibbiy xodimlarga to‘lovlarni ham, tenderlarni ham, davlat xaridlarini ham, va eng asosiysi, (davlat xizmatidagi) qarindoshlik aloqalarini ham kompleks o‘rganmoqchimiz», — deya ma’lum qilgan agentlik direktori.

Avvalroq «Daryo» Toshkent viloyatida koronavirus bemorlari rasmiy statistika bo‘yicha 2-3 kunda sog‘ayayotgani haqida yozgandi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilayotgan statistika yolg‘on bo‘lishi mumkinligini qayd etgandi. Shundan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus bilan kasallanganlarning viloyatlar bo‘yicha kengaytirilgan statistikasini, kasallikdan vafot etganlarning yoshi, ismlarining bosh harflari, yashash va davolanish joylarini berishni to‘xtatdi.

Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligi hanuzgacha koronavirusga chalinib, uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hisobini yuritmayapti, shuningdek, pnevmoniya bilan kasallanganlarni statistikaga qo‘shmayapti.

Kiritildi: 09:29 08.10.2020. O'qildi: 5178 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!