The Wall Street Journal gazetasi bu haqda amerikalik rasmiy manbalariga tayanib xabar bermoqda.
AQSh hukumati bu taqchillik xavfi haqida bir necha oy avvaldan bilib, Isroildagi mudofaani kuchaytirishga kirishgan. Buning uchun Isroilga qo‘shimcha havo, quruqlik va dengiz kuchlari yuborilgan. Shuningdek, yanada ko‘proq havo mudofaa tizimlari Yaqin Sharqqa jo‘natilgan.
The Washington Post'ning yozishicha, Isroil armiyasidagi hozirgi mudofaa imkoniyatlari hafta oxirigacha saqlanishi mumkin, undan keyin raketalarni to‘xtatish imkoniyati keskin kamayadi.
AQSh va Isroil razvedkasiga yaqin manbaning so‘zlariga ko‘ra, SAXAL qaysi raketani yo‘q qilish kerakligi yuzasidan tanlov qilishga majbur bo‘ladi. Isroil havo hujumidan mudofaa tizimlarida barcha raketalarni birdek tutib qolishning imkoni qolmasligi ehtimoli yuqori.
"So‘nggi kunlarda Isroil katta miqdorda Eron raketa hujumlarini qaytardi. Ammo Eronning hujumlari intensivligi ham kamaydi. Tehronda qancha va qanday turdagi raketalar qolgani noma’lum", deb yozadi WSJ.