Bojxona qo‘mitasining Toshkent va Andijon viloyatlari bojxona boshqarmalarining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limlari, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent va Andijon viloyatlari boshqarmalari hamda Ichki ishlar idoralari vakillaridan iborat maxsus tezkor guruh sintetik giyohvandlik vositalari tayyorlab kelingan yirik narkolaboratoriya faoliyatini fosh qilishdi.
O‘tkazilgan keng qamrovli tezkor-qidiruv tadbirlari davomida dastlab Toshkent viloyatining Zangiota tumanida oldindan kuzatuvga olingan shaxs to‘xtatilib, tekshirilganida uning yonida 2 ming so‘mlik kupyuraga o‘ralgan holatda 0,13 gr. "gashish" giyohvandlik vositasi borligi aniqlanadi.
Narkojinoyatning ildiziga yetib borish va to‘liq bartaraf etish maqsadida tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsning ko‘rsatmasiga asosan Toshkent katta halqa yo‘lining Zangiota tumanidan o‘tuvchi qismidagi yo‘l chetida joylashgan ombor ko‘zdan kechirildi. Natijada bu yerda 5 dona metall va yelim idishlarda sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlashda qo‘llaniladigan 900 litr prekursor saqlanayotganligi aniqlandi.
Kalavaning uchi tezkor xodimlarni Andijon viloyati sari yetakladi. Tezkor tadbirda yana 2 nafar shaxs shubha ostiga olinib, yashirin kuzatilganida ular turli manzil havolalar bo‘yicha ko‘mib qo‘yilgan 100 litr suyuq va 25 kg. kukun ko‘rinishidagi prekursorlarni yashirilgan joyidan olib, Andijon shahrining Bog‘ishamol mahallasidagi dala hovliga olib borishadi.
Tezkor tadbir davomida ushbu dala hovli ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, bu yerda yashirin narkolaboratoriya tashkil qilingani fosh bo‘ldi.
Dala hovlida jami 26 kg. og‘irlikdagi “mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi, noma’lum kimyoviy suyuqlik shaklidagi 5 turdagi 590 litr prekursorlar saqlanayotganligi aniqlandi.
Dastlabki tekshiruvlar davomida ma’lum bo‘lishicha, ushbu 2 nafar shaxs ijtimoiy tarmoqlardagi “Saymon” laqabli moliyaviy rahnamosi ko‘magida 15 ming 800 AQSh dollariga ushbu dala hovlini sotib olishgan va narkolaboratoriya tashkil qilishgan.
Shunday qilib, o‘tkazilgan keng qamrovli va ko‘p bosqichli tezkor tadbirlar yakunida 26 kg. og‘irlikdagi “mefedron” hamda sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlashda qo‘llaniladigan salkam 1,5 tonna prekursorlar va kimyoviy suyuqliklar, turli maxsus anjomlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yil boshidan buyon respublikamiz bo‘ylab bojxona organlari tomonidan 200 kg. dan ziyod an’anaviy va sintetik giyohvandlik vositalari, 27 kg. psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025 yil 3 noyabrdagi Farmonida yashirin narkolaboratoriyalar hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini qo‘lbola usulda qadoqlovchi sexlarni aniqlash va faoliyatiga chek qo‘yish, giyohvandlik vositalarini tayyorlash uchun foydalanish mumkin bo‘lgan kimyoviy moddalar (prekursorlar) aylanmasi ustidan qat’iy davlat nazoratini o‘rnatish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi idoralar zimmasiga aniq vazifa va topshiriqlar yuklangan.