Bugun 29 sentyabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

Amarsayxana Saynbuyan: O‘zbekistonda islohotlar samarasini ko‘ryapmiz, shu jihat bizni yurtingizga kelishga undaydi

Amarsayxana Saynbuyan: O‘zbekistonda islohotlar samarasini ko‘ryapmiz, shu jihat bizni yurtingizga kelishga undaydi

Mo‘g‘uliston Prezidentining yurtimizga davlat tashrifi davom etmoqda. Bu mamlakat yurtimiz uchun Osiyo mintaqasidagi an’anaviy va ishonchli hamkordir. O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston munosabatlari do‘stlik, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan.

Ikki mamlakat yetakchilarining samarali muzokaralari yakunida qabul qilingan hujjatlar, ayniqsa, sohalar kesimida hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Mo‘g‘uliston Bosh vaziri o‘rinbosari Amarsayxana SAYNBUYAN muzokaralar yakunida imzolangan ikki tomonlama hujjatlar, eng muhimi, iqtisodiyot, madaniyat va sog‘liqni saqlash kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonning tarixiy aloqalari xususida fikr bildirdi.

– Prezidentimizning O‘zbekistonga davlat tashrifi juda muhim hisoblanadi. Boisi, uchrashuvlarda davlatlarimiz o‘rtasidagi samarali hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Imzolangan shartnomalar nafaqat mamlakatlarimizning siyosiy aloqasini, balki savdo-iqtisodiyot, madaniyat sohalaridagi hamkorligini ham yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Yangi transport yo‘laklari ochilishi ham o‘ta muhim yo‘nalish.

Ikki davlat o‘rtasidagi aloqa tarixan yaxshi rivojlangan. Mazkur tarixiy tashrif esa xalqlarimizning bir-biriga bo‘lgan do‘stligi, yaqinligini yanada mustahkamlaydi va ikki tomonlama aloqani kengaytirishda alohida ahamiyat kasb etadi. Bu hali muvafaqqiyatli hamkorlikning boshlanishi, deb o‘ylayman.

Davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yildan oshdi. Ishbilarmonlarimizning savdo-sotiq ishlarini qo‘llab-quvvatlash va tovarlar ayirboshlash hajmini oshirish yo‘lida yangi bozorlar ochishimiz kerak. Shuningdek, xalqlarimiz o‘rtasidagi turizm, qishloq-xo‘jaligi, bank-moliya, konchilik, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi sohalarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga astoydil kirishimiz maqsadga muvofiq.

Mo‘g‘uliston sog‘liqni saqlash markazi Toshkentda filialini ochish arafasida. Zero, biz tibbiyot sohasidagi xizmatlarimizni O‘zbekiston aholisiga taklif etishdan mamnunmiz. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgan eng muhim va strategik davlat. Shu sababdan ham tarixan mavjud aloqalarni qayta tiklashimiz va rivojlantirishimiz lozim, deb hisoblayman.

Qayd etish joiz, mamlakatingiz juda tez sur’atlarda rivojlanmoqda. Yana bir ustuvor jihat, hamkorligimizni kengaytirish uchun O‘zbekistonda katta potensial mavjud. Jumladan, diyoringizda iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar samarasini ko‘ryapmiz. Ayni shu jihatlar bizni yurtingizga kelishga undaydi.

Kiritildi: 05:25 26.06.2024. O'qildi: 640 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!