Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

“Alpomish” dostonining yangi varianti yaratildi

“Alpomish” dostonining yangi varianti yaratildi

Termiz shahrida Alpomish dostonining O‘zbekiston xalq baxshisi Abdunazar Poyonov ijrosidagi varianti asosida chop etilgan kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zAning yozishicha, kitob Surxondaryo viloyat hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tomonidan Akademnashr nashriyotida chop etildi. Taqdimot munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda adabiyotshunos olimlar, shoir-yozuvchilar, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari, kitobxonlar ishtirok etdi.

Folklorshunos olimlarning fikricha, o‘tmishda Alpomish dostonining 40 ga yaqin varianti bo‘lgan. Lekin hozir uning uch variantigina saqlanib qolgan. Bular orasida O‘zbekiston xalq baxshisi A.Poyonov aytgan variant nodir dostonning eng mukammal variantlaridan biri.

Dostonning bu variantini ustozim Chorsha baxshi Rahmatullayevdan o‘rganganman, deydi O‘zbekiston xalq baxshisi A.Poyonov. Qadimdan Surxon vohasida ajdodlarimiz jo‘shib kuylab kelgan bu dostonning qo‘lyozma nusxasi hajmi 600 sahifa bo‘lib, she’riy qismi 14 ming 230 misrani tashkil etadi. Men Alpomish ning qozoqcha, qoraqalpoq variantlarini ham o‘qib chiqqanman. Yurtimizda ilk marta o‘tkazilayotgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali arafasida chop etilgan bu kitob xalqonaligi, ijro uslubi, syujet va voqealar rivoji yorqin aks etgani bilan boshqalaridan ajralib turadi.

Tadbirda kitobxonlar, talaba-yoshlar ham o‘z fikrlarini bildirdi. Doston yoshlar qalbida vatanparvarlik, jasorat va sadoqat kabi fazilatlarni tarbiyalashda alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

O‘zbekistonda xalq og‘zaki ijodiga bo‘lgan e’tibor va qiziqishni kuzatib havasimiz kelmoqda, deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi talabasi Asadullo Aziziy. Afg‘onistonda ham xalq og‘zaki ijodi asosida yaratilgan termalar saqlanib qolgan. Lekin haligacha Alpomish dostonini eshitmagan ekanman. Termizda o‘qish davomida doston bilan yaqindan tanishdik. Baxshilardan katta qiziqish bilan eshityapmiz. Botirlik, sadoqat va vafo kabi xislatlar ulug‘langan dostonning kitob holida chop etilgani g‘oyat olijanob ish bo‘ldi.

Tadbirda taniqli baxshilar Alpomish dostonidan parchalar ijro etdi.

Kiritildi: 11:47 31.03.2019. O'qildi: 8757 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!