Bugun 22 may, 2025 yil, payshanba

КИР

Alloh taoloning mitti mo‘’jizasi!

A A A
Alloh taoloning mitti mo‘’jizasi!

Qur’oni Karim boshidan oxirigacha mo‘’jizalarga to‘ladir. Har bir oyatda mo‘’jiza bor. Har bir kalimasida mo‘’jiza bor. Ana shunday oyatlardan biri:

وَأَوْحَى رَبُّكَ إِلَى النَّحْلِ أَنِ اتَّخِذِي مِنَ الْجِبَالِ بُيُوتًا وَمِنَ الشَّجَرِ وَمِمَّا يَعْرِشُونَ۝ ثُمَّ كُلِي مِن كُلِّ الثَّمَرَاتِ فَاسْلُكِي سُبُلَ رَبِّكِ ذُلُلاً يَخْرُجُ مِن بُطُونِهَا شَرَابٌ مُّخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ فِيهِ شِفَاء لِلنَّاسِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لآيَةً لِّقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ۝

«Robbing asalariga vahiy yubordi: «Tog‘lardan, daraxtlardan va ko‘tarilgan ishkomlardan uy tutgin. So‘ngra hamma mevalardan yegin. Bas, Robbingning oson qilib qo‘ygan yo‘llaridan yurgin». Qorinlaridan turli rangdagi ichimlik chiqar. Unda odamlar uchun shifo bordir. Albatta, bunda tafakkur qiluvchilar uchun oyat (belgi) bordir». (Nahl surasi, 68-69 oyatlar)

Ushbu oyatdagi har bir kalimada mo‘’jiza bor. Misol uchun «Vahiy yubordi» kalimasini olaylik. Buni qarangki, asalari asal tayyorlashni, nektar yig‘ishni birorta maxluqdan o‘rganmas ekan. Balki Alloh taolo unga asalni qanday tayyorlash ilmini, qobiliyatini ato qilgan. Robbimiz unga asal ishlab chiqarish bo‘yicha maxsus dasturni joylab qo‘ygan bo‘lib, asalari ana shu dastur bo‘yicha harakatlanib, millionlab yillardan beri asal ishlab chiqaradi.

«Tog‘lardan, daraxtlardan va ko‘tarilgan ishkomlardan uy tutgin». Ushbu gapga ham e’tibor beraylik! Buni qarangki, asalari tog‘larga in qurib, asal tayyorlaydi, daraxtlarga in qurib, asal yetishtiradi va odamlar qo‘yadigan ishkomlarga in qurib, asal tayyorlaydi. U o‘zi qurgan mazkur inlarda yashaydi. Nektar izlab uzoq masofalarga uchib ketsa ham, yo‘lidan adashmay iniga qaytib keladi. Xo‘sh, kim uni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab, o‘z uyini topib keladigan qilib qo‘ydi? Alloh taolo emasmi?!

Ilmiy tomondan ham isbotlandiki, tibbiy tomondan eng foydali asal tog‘ asali ekan, undan keyin daraxtdan olinadigan asal va so‘nggida odamlar tomonidan quriladigan ishkomlardan olinadigan asal ekan. Ushbu tartib oyatdagi tartibga hamohangdir.

1. Tog‘lardan.

2. Daraxtlardan.

3. Ko‘tarilgan ishkomlardan uy tutgin.

Alloh taolo asalariga yo‘llarni bo‘ysundirib qo‘ydi. U o‘sha yo‘llardan yurib, minglab kilometrlarga uchib borib, nektar yig‘adi. Robbimiz yuqoridagi oyatda «Bas, Robbingning oson qilib qo‘ygan yo‘llaridan yurgin» deb marhamat qilgan. Asalari uchun yo‘llarni bo‘ysundirgan, unga o‘sha yo‘llardan yurishni o‘rgatgan, bir kunda minglab kilometr masofa bosadigan qilib qo‘ygan, unga yigirma birinchi asr texnologiyasi ham ojiz qoladigan, o‘xsholmaydigan miyani, yurakni, tezkorlikni bergan Alloh subhanahu va taolo pokdir!

Asalning ko‘plab kasalliklarga shifo ekani barchamizga ma’lum. Robbimiz yuqoridagi oyatda «Qorinlaridan turli rangdagi ichimlik chiqar. Unda odamlar uchun shifo bordir» deb marhamat qilgan.

Asal asalarining qorinlarida yetiladi. Bu haqiqat bugungi kunga kelib kashf etildi, Qur’oni Karim nozil bo‘lgan paytlarda bu odamlarga ma’lum emasdi.

Ma’lumki, olti burchakli shakl mustahkam shakl hisoblanadi. Xo‘sh, asalariga shunday shaklga ega inlar yasashni kim ta’lim bergan? Alloh taolomi yoki ko‘r tabiatmi?!

Ilmiy tomondan isbotlandiki, asalning turlari, ishlatiladigan vazifalari ko‘p bo‘lsa-da, Alloh taoloning qudrati bilan barchasida shifo bor. Bugun asal bilan davolaydigan, yuzlab kasalliklarni davolashda asaldan foydalaniladigan maxsus shifoxonalar bor.

Mana shu haqiqatlarning hammasi bizni Alloh taoloning mitti maxluqi bo‘lgan asalari haqida o‘ylashga, tafakkur qilishga va shu orqali Robbimizning qudratiga, azamatiga tasannolar aytishimizga undashi kerak emasmi?! Zero, Alloh taolo yuqoridagi oyatning so‘nggida «Albatta, bunda tafakkur qiluvchilar uchun oyat (belgi) bordir» deb marhamat qilgan.

Asalarining hayot tarzi, nektar yig‘ishi, uzoq masofa bosishi, miyasining tezkorligi, ko‘rish qobiliyati, uya solishi, asalni yetishtirishi kabilar haqida tafakkur qilgan odam bunda Alloh taoloning borligiga, birligiga, barcha narsaga qodirligiga, biz bandalariga mehribonligiga dalillarni topadi.

Abduddoim Kahel maqolasi asosida

Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Kiritildi: 04:30 23.11.2020. O'qildi: 7939 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!