Farzandlari ta’minoti uchun aliment to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab, davlat ijrochisi huzuriga kelishdan bosh tortayotgan qarzdorlarga nisbatan qonunchilikka muvofiq qidiruv e’lon qilinadi.
Majburiy ijro byurosi Jizzax viloyati boshqarmasi Qidiruv shu’basi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida bir qator qarzdorlar aniqlandi.
Xususan, Byuroning Zarbdor tumani bo‘limi tomonidan qidiruvga berilgan qarzdor D.X. Toshkent shahrining Sergeli tumanida mast holatda yurgan vaqtida aniqlandi.
Shuningdek, Byuroning Do‘stlik tumani bo‘limi tomonidan qidiruv e’lon qilingan qarzdor SH.X. Toshkent viloyati O‘rta-Chirchiq tumanidagi ko‘mir omborlaridan birida topildi.
Aniqlangan shaxslar keyingi ijro harakatlarini amalga oshirish uchun tegishli tuman bo‘limlari davlat ijrochilariga topshirildi. Ayni paytda ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda.