Bugun 26 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Albaniya yoshlar uchun muhim qaror qabul qildi

Albaniya yoshlar uchun muhim qaror qabul qildi

Ijtimoiy tarmoqning bolalarga salbiy ta’siri ortib borayotgan bir paytda Albaniya mamlakatda “TikTok” bir yilga taqiqlanganini e’lon qildi, deb yozdi “Reuters” agentligi.

Bosh vazir Edi Rama butun mamlakat bo‘ylab tashkil etilgan ota-onalar va o‘qituvchilar bilan uchrashuvlaridan so‘ng shunday fikrga keldi. Maktablarni xavfsizroq qilishga qaratilgan keng ko‘lamli rejaning bir qismi sifatida joriy qilingan mazkur taqiq kelasi yil boshida kuchga kiradi

– Bir yil davomida biz bu tarmoqni hamma uchun butunlay o‘chirib qo‘yamiz, Albaniyada “TikTok” bo‘lmaydi, – dedi Rama.

Fransiya, Germaniya, Belgiya kabi Yevropaning qator davlatlari bolalar ijtimoiy tarmoqdan foydalanishiga cheklov qo‘ygan. Avstraliya noyabr oyida 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun “internet tuzoq”larini to‘liq man etdi.

Rama ijtimoiy tarmoq, ayniqsa “TikTok” maktabda va maktabdan tashqarida yoshlar o‘rtasida zo‘ravonlikni kuchaytirganini ta’kidlagan. Hukumat qarori noyabr oyida 14 yoshli maktab o‘quvchisi sinfdoshi tomonidan pichoqlab o‘ldirilgandan keyin qabul qilindi. Mahalliy ommaviy axborot vositalari yozishicha, ushbu fojiaga ikki yigitning tarmoq orqali tortishuvi sabab bo‘lgan. Hatto, “TikTok”da qotillikni qo‘llab-quvvatlagan voyaga yetmaganlar aks etgan videolar ham tarqalgan.

– Bu muammo farzandlarimizniki emas, bizniki, jamiyatimizniki, – dedi hukumat boshlig‘i. – “TikTok”dan bolalarimizga virusni biz yuqtiryapmiz.

“TikTok” Albaniya hukumatidan vaziyatga oydinlik kiritishni talab qilgan.
– Jinoyatchi yoki jabrlanuvchining “TikTok” akkaunti borligi haqida hech qanday dalil yo‘q va bir necha hisobot voqeani keltirib chiqargan video lavhalar boshqa platformada joylashtirilganini tasdiqladi, – dedi kompaniya vakili.

Kiritildi: 23:48 24.12.2024. O'qildi: 496 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!