Bugun 16 iyul, 2025 yil, chorshanba

КИР

Ajal nima?

A A A
Ajal nima?

Arabchada «belgilangan vaqt, muhlat, shoshilish» degan ma’nolarni anglatadi. Shar’iy istilohda inson umrining Alloh tomonidan belgilab qo‘yilgan muhlatining nihoyasi, tugashi «ajal» deyiladi. Ajalning Alloh tomonidan beriladigan azob-uqubat muddati ma’nosi ham bor. Qur’oni karimning A’rof surasida shunday oyat bor: «Har bir qavm-jamoat uchun ajal bordir, Bas, qachon ularga ajallari kelsa, uni biror soatga ketga ham, ilgariga ham sura olmaydilar»(A’rof surasida, 34-oyat).

Jonni bergan Zot uni qachon qaytib olishini – ajalini ham belgilab qo‘ygan. Ajalning qachon kelishini Undan o‘zga hech kim bilmaydi. Bu dunyo ajalidan so‘ng bir kuni u dunyo uchun belgilangan qiyomat vaqtini ham tayin etgan. Mana shu alomatlar aql-insofi bor kishilarni yagona Allohga iymon keltirish, Unga boshqani tenglashtirmaslik uchun dalil va omil bo‘lishi kerak.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: «Har bir ummatning o‘z ajali bor. Ajallari kelgan vaqtda bir soat orqaga ham, oldinga ham sura olmaslar» degan (Yunus surasi, 49-oyat).

Alloh taolodan boshqa biron zot hech kimga hayot bera olmaganidek, hayotdan ham mahrum qila olmaydi. Agar Alloh taolo biror kimsaning tirikligini xohlasa, u dushman ichida qirq yil jang qilgan taqdirda ham hech bir ziyon yetkazilmay tirik va sog‘-salomat qolaveradi.

Hech bir jon qayerda o‘lishini bilmaydi, ajali yetgan odam qayerda bo‘lsa ham o‘ladi. «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Alloh bandaga biror yerda o‘lishni taqdir qilgan bo‘lsa, unga o‘sha yerda bir hojatni ro‘para qilib qo‘yadi», deganlar».

Kishi qay turli o‘lim bilan vafot qilsa ham, o‘z ajali bilan o‘lgan bo‘ladi. Dunyodagi barcha jonzotlarni (shu jumladan insonlarni) yaratgan, ularga jon ato etgan Zot – Alloh taolodir, hech bir jon Alloh taoloning iznisiz o‘lmaydi, ularning ajalini yakkayu yagona Alloh biladi. Inson ojiz, belgilangan ajal muddatidan bir lahza ham ortiq yashay olmaydi. Ahli sunna va jamoa mazhabiga ko‘ra, Alloh taolo maxluqotlarga bog‘liq narsalarning hammasini, shu jumladan o‘limni ham oldindan bilishiga iymon keltirish mukallaf uchun vojibdir.

Ahmad Muhammad

Kiritildi: 06:19 30.05.2019. O'qildi: 7638 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!