Bugun 18 iyun, 2025 yil, chorshanba

КИР

Agar siz kitob o‘qimay qo‘ysangiz...

A A A
Agar siz kitob o‘qimay qo‘ysangiz...

Taraqqiyparvar adib Cho‘lpon “Adabiyot yashasa - millat yashar. Adabiyoti o‘lmag‘on va adabiyotining taraqqiysiga chalishmagan va adiblar yetishdirmag‘on millat oxiri bir kun hissiyotdan, o‘ydan, fikrdan mahrum qolub, sekin-sekin inqiroz bo‘lur. Muni inkor qilib bo‘lmas”, deganda birinchi o‘rinda siz adabiyot muallimiga qarata aytmagan edimi?!. Nega befarqsiz, nega beparvosiz?!

Ba’zan maktab tadbirlarida ish yuzasidan, ijodiy uchrashuvlarda ishtirok etishga to‘g‘ri keladi. Shunda adabiyot o‘qituvchilaridan ular bugungi adabiy jarayon bilan qanchalik tanishligi va qaysi yozuvchilarning asarini o‘qib borayotganligi bilan qiziqaman. Javoblar har doim meni hayratga solgan. Siz ham eshitsangiz hayratlanishingiz aniq. Adabiyot o‘qituvchilar, hammasi emas, juda ko‘pchiligi bugungi davr adabiy jarayonidan bexabar, bu haqida hech narsa bilmaydi, faqat darslik bilan cheklanib qolgandek nazarimda.

Hatto O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonni va uning asarlarini bilishmaydi. Isajon Sulton xalq yozuvchisi darajasiga chiqquncha ozmuncha zahmat chekkanmi, qanchalab asarlar yozgan. Televideniyada, matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda muntazam chiqib fikrini bildirib turganku axir. Nahot shunday fidoiylikni o‘qituvchilar unutib qo‘ygan bo‘lsa.

Tushunaman, kitob mutolaasi ko‘ngil xohishi bilan bog‘liq yumush. Albatta, hech kim birovni kitob o‘qishga majburlay olmaymiz. Aksincha, mutolaaga da’vat eta olamiz xolos. Bu qanchalik zarurligini anglash uchun fransuz adibi va pedagogi Eduar Labule: «Taraqqiyotning umumiy ko‘lamida har bir xalqning o‘rni o‘sha xalq o‘qiyotgan kitoblarning soni bilan belgilanadi», – degan fikriga tayanadigan bo‘lsak, kelajak va taraqqiyot uchun qanchalik hissangiz kattaligini anglagandirsiz. Xo‘sh, yoshlarga kitobni kim o‘qitadi?! Kim ularni qiziqtiradi?!

O‘zingiz o‘ylang, davrimizning eng mashhur adiblari Ulug‘bek Hamdam, Abduqayum Yo‘ldosh, Sobir O‘nar, Luqmon Bo‘rixon kabilarni ijodini bilmay turib qanday qilib adabiyotdan dars berish mumkin?! Ulug‘bek Hamdamning televideniya orqali o‘tkir chiqishlarini boshqa soha xodimlari diqqat bilan eshitganiga guvoh bo‘lganman. Nahot, aynan shu sohaning haqiqiy egasi bo‘lgan adabiyot o‘qituvchilari tinglamasa. Bilmasa-ya?!.

Ko‘p eshitaman, o‘qituvchilar muntazam oylik malaka oshirishlarda, qisqa o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashayotganini yoki attestasiyaga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytishadi. Ular nimani o‘rgangan malakada, attestasiyaga tayyorlanganda bugungi adabiy jarayon haqida hech qanday gap-so‘z yo‘qmi?!

Maktablarga “Yoshlik”, “Sharq yulduzi”, “Jahon adabiyoti” jurnallari va “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi yetib bormaydimi?!

Siz o‘zingiz adabiyot o‘qituvchisi bo‘la turib, o‘quvchilarni adabiyotga qiziqtira olmasangiz, bugungi adabiy jarayon bilan tanish bo‘lmasangiz, qanday qilib dars o‘tasiz?!

Yoki qog‘ozlarga ko‘milib qolganmi ular?! Darslikdan tashqari o‘qishdan qachon voz kechildi?!

“Badiiy adabiyotsiz alohida bir inson ham, butun millat ham yuksala olmaydi. Adabiyotu san’atdan yiroq odam faqat qorin tashvishini chekadigan yaratiqqa aylanadi. Intellekti yuksak, tuyg‘ulari boy ulusgina qudratga ega bo‘ladi, qadr topadi”, - deydi adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev.

Mashhur adibimiz Abdulla Qahhorning “Adabiyot muallimi” hikoyasini ko‘pchiligingiz o‘qigansiz. «Nafis adabiyot muallimi» o‘rtoq Boqijon Baqoyev kabi o‘quvchilarni “praktikum, minimum, maksimum; Detirding, Stending, Shelling, Mering, Demping…”, - deb boshini qotirasizmi?! O‘qimaganingizdan keyin nimayam deya olardingiz.

Ehtimol savollarim ko‘payib ketgandir. Lekin qachondir yechim topish fursati kelgandir.

Nima qilmoq kerak?! Nima qilsak, adabiyot o‘qituvchisi kitob va adabiy jarayonga bilan yaqindan tanishadi?! Bunga qanday yechim topamiz? Balki sohaga aloqador mutassadilar e’tibor qaratar?!

Ayting, aziz adabiyot muallimim, o‘qimaslikka, izlanmaslikka qachon yechim topamiz!!!

Do‘stbek SULAYMONOV

Kiritildi: 22:48 02.02.2024. O'qildi: 1417 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!