Agar Putin Istanbulga borsa, Tramp ham Rossiya va Ukraina muzokaralarida qatnashish uchun Turkiyaga borishga tayyor. Bu haqda CNN xabar berdi.
Telekanalning yuqori martabali amerikalik rasmiyga tayanib xabar berishicha, AQSh prezidenti Donald Trampning 15 may kuni Turkiyada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda ishtirok etishi asosan Vladimir Putinning bu muzokaralarda qatnashish-qatnashmasligiga bog‘liq. Manbaning aytishicha, bu masala hali ham ochiq qolmoqda.
"Hozirgi vaziyat juda o‘zgaruvchan. Hozir hech kim hech narsani aniq bilmaydi. Trampning muzokaralarda qatnashishi Putinga kuchli bosim o‘tkazmoqda", — deya izoh berdi manba.
CNN suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Kit Kellog Turkiyaga borishadi. Ular Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi bo‘lishi mumkin bo‘lgan muzokaralarni kuzatishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, muzokaralar o‘tkaziladigan kunda AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘ladi.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp ham Turkiyaga borishni istisno etmagandi. Tramp agar imkoniyat bo‘lsa, Turkiyadagi muzokaralarda ishtirok etish masalasini ko‘rib chiqayotganini aytgan edi.