Afg‘onistonda 1 sentyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan dahshatli zilzila qurbonlari soni 850 kishiga yetdi, 3000 dan ortiq kishi jarohat oldi.
Bu haqda Afg‘oniston ichki ishlar vazirligi ma’lum qilgan.
Zilzila mahalliy vaqt bilan 00:17 da sodir bo‘lgan. Zilzila magnitudasi 6,0, episentri 10 km chuqurlikda joylashgan. Asosiy zarar Pokiston bilan chegaradosh sharqiy Kunar va Nangarhor provinsiyalarida kuzatildi.
Mamlakat hukumatining rasmiy vakili Zabihulloh Mujohidga ko‘ra, qurbonlar asosan shu ikki viloyatda yashagan.
"Bu yerda ko‘p odamlar hayoti va uylaridan ayrildi. Biz xalqaro yordamga muhtojmiz", dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Sharafat Zamon Reuters agentligiga.