Moskvadan Buxoro va Urganchga reyslar tiklanishi, shuningdek Sankt-Peterburgdan Toshkent hamda Samarqandga yangi yo‘nalishlar ochilishi rejalashtirilgan.
Rossiyaning eng yirik aviakompaniyasi «Aeroflot» sentyabrdan boshlab O‘zbekiston shaharlariga qator yangi va tiklangan parvozlarni amalga oshirishini ma’lum qildi.
14 sentyabrdan Moskva–Buxoro yo‘nalishida muntazam reyslar qayta yo‘lga qo‘yiladi. Ular haftasiga to‘rt marta – chorshanba, juma, shanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
15 sentyabrdan Moskva–Urganch reyslari qayta ochiladi. Bu yo‘nalishda parvozlar haftasiga uch marta – dushanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.
16 sentyabrdan «Aeroflot» Sankt-Peterburg–Samarqand yo‘nalishida yangi reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Ular haftasiga ikki marta – chorshanba va juma kunlari amalga oshiriladi. 17 sentyabrdan esa Sankt-Peterburgdan Toshkentga to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar yo‘lga qo‘yilib, haftasiga ikki marta – payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, 13 sentyabrdan Moskva–Samarqand yo‘nalishidagi parvozlar soni uchtadan beshtaga ko‘payadi. Yangi reyslar seshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi, qaytish esa chorshanba va yakshanba kunlariga belgilangan.
Kompaniyaning rasmiy saytida to‘liq jadval va chipta sotib olish imkoniyatlari e’lon qilingan. «Aeroflot» ayni paytda Rossiya fuqarolik aviasiyasining yetakchisi hisoblanadi. 2024 yilda kompaniya 30,1 mln yo‘lovchi tashigan bo‘lsa, Guruh tarkibidagi aviakompaniyalar bilan birgalikda 55,3 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.
«Aeroflot» 100 yildan ortiq tarixga ega bo‘lib, dunyodagi eng ko‘p tanilgan aviabrendlardan biri sanaladi. Kompaniya Rossiya shaharlari va mintaqalari o‘rtasida transport aloqalarini mustahkamlash, ijtimoiy dasturlarni rivojlantirish va mahalliy samolyot ishlab chiqarishga yirik buyurtmalar berish orqali iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga hissa qo‘shib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 31 iyuldan boshlab aviakompaniya Moskva va Samarqand o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘ygan edi.