Umrining 15 yilidan ortiq qismini panjara ortida o‘tkazgan inson ozodlikka chiqishi bilan darhol moliyaviy taraflama o‘zini o‘nglab olishi, ish topishi oson bo‘lmaydi. Bugun Prezidentimiz tomonidan berilgan afv bilan yoki belgilangan muddatni o‘tab ozodlikka chiqayotgan fuqarolarimizning ko‘pchiligi aynan moliyaviy muammolarga to‘qnash kelmoqda.
Toshkent shahrida yashovchi diniy ekstremistik oqimlarga aloqadorligi sabab (159-modda) ozodlikdan mahrum etilgan fuqarolardan biri bugun 18 yillik jazo muddatini o‘tab uyiga qaytdi. Toshkent shahar hokimligi vakillari u bilan suhbat o‘tkazib, uning muammolarini o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro A.Tning uzoq yillik qamoq jazosini o‘tash davrida sog‘lig‘i og‘irlashgan. Shuningdek, bir ishni boshini tutib o‘sib unadigan davrini panjara ortida o‘tkazgani sababli u ishsiz, hunarsiz qolmoqda edi. Prezidentimizning ana shunday ekstremistik oqimlarga aloqadorligi sabab qamalib chiqqan fuqarolarni jamiyatga qaytarish va ularga yordam qo‘lini cho‘zish kerakligini ko‘p bora ta’kidlagan edi. Hamda, ana shunday fuqarolarga moddiy yordam qilgan yurtdoshlarimiz birinchilardan bo‘lib Haj safariga borishga loyiq ekanligini e’tirof etganlar. Bugun ayni shu maqsad bilan bir qancha Hajga borishni uzoq yillardan buyon orzu qilib, navbat kutib turgan otaxon-onaxonlar ularga yordam qilmoqdalar.
Ipakchilik mahallasida yashovchi N. Muhamedov rafiqasi bilan yetti yildan buyon Haj safariga borish uchun navbat kutib kelmoqda edi. Toshkent shahar hokimligi tavsiyasi bilan u ozodlikka chiqqan fuqaroga sog‘lig‘ini reabilitasiya qilish uchun kasalxonaga yotib da’volanishiga va haydovchilik o‘quv kursida o‘qishiga homiylik qildi. N. Muhamedov yana fuqaro A.Tga ko‘zida jarrohlik operasiyasini o‘tkazishda yordam ko‘rsatishni ham rejalashtirgan. Ipakchilik mahallasida istiqomat qiluvchi N. Muhamedov ushbu amallarni nafaqat Haj orzusi, balki savob yo‘lida qilganini aytmoqda.
Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Turdiqulovning aytishicha, o‘tgan yildan O‘zbekiston uchun kvotalar oshirilganiga qaramay uzoq yillardan buyon navbat kutayotganlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Diniy ekstremistik guruhlarga aloqadorligi bo‘yicha jazo muddatini o‘tagan fuqarolarga ular tanlagan yo‘l islom diniga yod ekanini Masjid imomlari bilan birgalikda tushuntirib, da’vat qilib ularni to‘g‘ri yo‘lga qaytargan hamda moddiy yordam berib ularni jamiyatimizga qaytarishga ko‘maklashayotgan fuqarolarmizning borligi quvonarli. Hokimiyat tavsiyasi bilan moliyaviy ko‘makka muxtoj bir qancha fuqarolarga shunday yordam ko‘rsatilmoqda. Bunday ishlarni amalga oshirgan, uzoq yillardan beri Hajga borish uchun navbatda turgan yoshi ulug‘ fuqarolarimizga Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, birinchilardan bo‘lib muqaddas Haj safariga borishlariga navbat berilmoqda.
Manba: uza.uz