Bugun 23 may, 2025 yil, juma

КИР

«65 yillik tarixga ega bo‘lgan kinofestival ko‘plab quvonchli onlarni taqdim etmoqda!» – yulduzli mehmonlar XV Toshkentda xalqaro kinofestivalini e’tirof etishmoqda!

A A A
«65 yillik tarixga ega bo‘lgan kinofestival ko‘plab quvonchli onlarni taqdim etmoqda!» – yulduzli mehmonlar XV Toshkentda xalqaro kinofestivalini e’tirof etishmoqda!

Kecha, 29 sentyabr kuni «Ipak yo‘li durdonasi» XV Toshkent xalqaro kinofestivali boshlandi. 2 oktyabrga qadar davom etadigan kino bayramida Yevropa ittifoqi davlatlari film festivali, Turkiy davlatlar va MDH davlatlari kinoforumi bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, kinofestival dasturidan «O‘zbek dublyaji 85 yoshda», «Kino 5 kunda» tanlovi, o‘zbek kinosining 115 yilligiga bag‘ishlangan milliy tadbirlar, Italiya filmlarida kiyilgan kastyumlar ko‘rgazmasi, kinoteatrlarda xorij kino kunlari, seminar-treninglar, mahorat darslari, taniqli kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar, retrospektiv kinonamoyishlar o‘rin olgan.

Bugun kinofestivalning eng yulduzli mehmonlarida biri, «Taksi» filmi yulduzi Frederik Difental bilan mahorat darsi ham tashkil etildi. Jahon kinosida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan katta shaxs bilan jonli muloqotda talaba yoshlar va umidli kinoijodkorlar qatnashishdi. E’tiborlisi Difental o‘z faoliyati davomida erishgan yutuqlari, muvaffaqiyat sirlarini gapirib berar ekan o‘zbek yosh kinochilarining kino sohasiga bo‘lgan kuchli muhabbatlari shundoq ko‘rinib turganligini aytib o‘tdi.
“Avvalo meni yurtingizda iliq kutib olishganlaridan juda mamnun bo‘ldim. Fransuz filmlari O‘zbekistonda sevib tomosha qilinishini eshitgandim, ammo meni bunchalik hurmat qilishlarini umuman kutmagandim! Buning uchun sizlarga tashakkur deyman. Bilasizmi, men hozir yosh o‘zbek kinoijodkorlarining ko‘zlarida «chaqnash»ni ko‘ryapman. Sizlar hali yuqori marralarni zabt eta olishingizga ishonaman!” – dedi Frederik Difental.

Bugungi kun kinofestival dasturidan rossiyalik aktrisa Yelizaveta Boyarskaya bilan ham mahorat darsi o‘rin olgan edi. Unda taniqli ijodkor yig‘ilganlarga o‘zining samimiy fikrlarini bildirdi.
“Afsuski, O‘zbekistonda faqatgina uch kun bo‘lamiz, lekin bugunning o‘zida «O‘zbekfilm»ga tashrif buyurishga ulgurdik, birinchi navbatda, tiklangan kinostudiya haqida ma’lumot berishdi, u hozir ajoyib, zamonaviy kino maydoniga o‘xshaydi. O‘zbekistonda premyera qilinadigan filmlar taqdimotini tomosha qilish imkoniga ega bo‘ldik. Qiziqarli, rang-barang filmlar, mualliflik filmlari, ommabop va tarixiy blokbasterlarni ko‘rdik” – dedi Yelizaveta Boyarskaya.

Milliy filmlar tanlovida «Abdulla Oripov» filmi uchun hakamlar hay’atining maxsus sovrini bilan taqdirlangan rejissyor Muzaffar Erkinov kinofestivallarning ahamiyati borasida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Men juda ko‘plab xorijiy festivallarda mehmon bo‘lganman. O‘zi bunday festivallar nega kerak? Maqsad kino sohasini rivojlantirish, chet ellik ijodkorlar bilan tajriba almashish. Bundan tashqari, xorijlik katta rejissyorlar ham yoshlarimizga mahorat darslari o‘tishmoqda. Bu esa yoshlarning kelajakda o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishlariga xizmat qiladi» – dedi Muzaffar Erkinov.

Milliy filmlar tanlovining «Eng yaxshi rejissyor» nominasiyasi g‘olibi Ali Hamroyev esa 65 yillik tarixga ega bo‘lgan Toshkent kinofestivaliga alohida urg‘u berib o‘tdi.

«Bilasizmi, Toshkent xalqaro kinofestivali — bu eng zo‘r festival! Bu kino bayrami, bu barchamizning shodiyonamiz! 65 yillik tarixga ega bo‘lgan kinofestival juda ko‘p quvonchli onlarni taqdim etmoqda. Uning doirasida e’tirof etilayotgan kino ustalari uchun bu juda katta motivasiya deb hisoblayman. Yana shuni ham aytish kerakki, bugun chinakamiga mehnat qilayotgan ijodkorlar taqdirlanishmoqda» – dedi Ali Hamroyev.

XV Toshkent xalqaro kinofestivalining xorijlik taniqli mehmonlaridan yana biri, prodyuser Artur Veber ham yurtimizda kino sohasiga qaratilayotgan e’tibordan xayratda ekanini yashirmadi.
«O‘zbekistonning ham, kinematografiya sohasining ham xalqaro obro‘-e’tiborini oshirayotgan Toshkent xalqaro kinofestivali kabi muhim tadbirga davlat va shaxsan Prezident tomonidan e’tibor qaratilayotgani quvonarlidir. O‘zbek kinomahsulotlarini kuzatib boraman, barcha ko‘zga ko‘ringan filmlar, jumladan, kinofestival doirasida namoyish etilishi rejalashtirilgan filmlar ham davlat ko‘magida yaratilgan. Ta’kidlab o‘tish lozimki, kino sohasiga davlat tomonidan yordam ko‘rsatilishi nafaqat muhim, balki shoshilinch zarurat sifatida qabul qilish lozim. Shuning uchun men mamlakatingizda amalga oshirilayotgan ishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman va ma’lum darajada havas qilaman, chunki Estoniyada juda ham ko‘p byurokratik to‘siqlarni uchratish mumkin» – dedi Artur Veber.

Eslatib o‘tamiz, XV Toshkent xalqaro kinofestivali 2 oktyabrga qadar davom etadi. Yopilish marosimi ko‘hna va navqiron Samarand shahrida o‘tkaziladi.

Kiritildi: 20:16 30.09.2023. O'qildi: 2461 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!