Bugun, 6 avgust 2-smenasida oliy ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan test sinovlarining borishi to‘g‘risida tezkor ma’lumotlar berildi.
"Qalampir.com" manbasining xabar berishicha, barcha viloyatlar oliy ta’lim muassasalarida test sinovlari 2-smenada davom etmoqda. Test sinovlari materiallari maxfiyligi va daxlsizligi ta’minlangan holda 2-smena uchun imtihon o‘tkaziladigan 57 ta binoga yetkazilgan.
Abituriyentlar uchun ichimlik suvi hamda barcha binolarda tibbiyot xodimlarining navbatchiligi tashkil etilgan bo‘lib, ular test sinovlarining 2-smenasini o‘tkazishga tayyor holga keltirilgan.
Shu kunlarda havo haroratining ko‘tarilishi natijasida abituriyentlarning ota-onalari uchun salqin joylarda kerakli sharoitlar yaratilgan. Ota-onalar farzandlarining test sinovlaridagi ishtirokini kuzatib borishlari uchun katta hajmli monitorlar yordamida test jarayonlari onlayn ko‘rinishda yoritib borilmoqda.
Abituriyentlar tomonidan test sinovlariga uyali telefon, va shpargalkalar olib kirishning oldi olinmoqda.
Test sinovlari barcha oliy ta’lim muassasalarida bir vaqtda 15:00 dan boshlangan. Test sinovlarida 16 ta oliy ta’lim muassasalarining 58 ta ta’lim yo‘nalishida 28 ming 615 nafar abituriyent ishtirok etmoqda. Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra 657 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra test sinovlariga kelmagan.
Test sinovlari tartib qoidalarini buzganligi sababli 60 nafar abituriyent hududga kirish joyida uyali telefon, shpargalkalar olib kirishga va o‘zganing o‘rniga kirishga uringanligi uchun test sinovlaridan chetlashtirilgan.
Barcha test sinovlari o‘tadigan binolarda 2-smenada test sinovlari soat 18:30 da yakunlanadi.
Shu kunning o‘zida test sinovlari natijalari Davlat feld’egerlik xizmati tomonidan maxfiyligi va daxlsizligini ta’minlagan holda Davlat test markaziga qaytariladi. Yakuniy ma’lumotlar 2-smena test sinovlari tugaganidan so‘ng taqdim etiladi.