O‘g‘rilik jinoyati uchun qidiruvda bo‘lgan ayol O‘zbekistonga deportasiya qilindi.
U Turkiya va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.
O‘g‘rilik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tomonidan 2020 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan, 1998 y.t. Erkinova Gulruxxon Akmaljon qizi Toshkent shahriga deportasiya qilindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar qildi.
Unga ko‘ra, ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yoxud ichki ishlar organlarining quyi hududiy bo‘linmalariga murojaat qilish so‘raladi.
Jinoyat uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash maqsadida Turkiya hududida hamkorlikdagi tadbirlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.