Wildberries & Russ kompaniyasi O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mintaqaviy logistika xabini tashkil etib, uning infratuzilmasiga 300 million dollardan ortiq investisiya kiritadi. Bu haqda kompaniya bosh ijrochi direktori Robert Mirzoyan Toshkent xalqaro investisiya forumida ma’lum qildi.
Mirzoyanning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning asosiy iqtisodiy samaralaridan biri O‘zbekiston eksportini oshirish va «Made in Uzbekistan» brendini xalqaro bozorlarda targ‘ib qilish bo‘ladi.
Xabning asosini Toshkent viloyatidagi Wildberries saralash markazi va maydoni qariyb 170 ming kvadrat metr bo‘lgan qurilayotgan ombor majmuasi tashkil etadi. Yagona tizimga kompaniya faoliyat yuritayotgan boshqa mamlakatlardagi infratuzilma ham kiritiladi.
Yangi logistika markazi «Rossiya — O‘zbekiston — Yaqin Sharq» yo‘nalishi bo‘yicha ikki tomonlama tovar tashishni yo‘lga qo‘yishi kutilmoqda. Shuningdek, u «Xitoy — O‘zbekiston — Afrika» yo‘nalishi bo‘yicha Afrika bozorlariga tovar eksport qilish uchun tranzit nuqta vazifasini bajaradi.
Shu tariqa, O‘zbekiston kompaniya uchun nafaqat tovarlar sotiladigan bozor, balki tovarlarni mintaqada tashish va eksport qilish markaziga ham aylanishi rejalashtirilmoqda. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarga xorijiy bozorlarga chiqish uchun qo‘shimcha logistika imkoniyatlarini yaratadi.
Wildberries O‘zbekistonda 2022 yildan buyon faoliyat yuritadi. 2025 yil oktyabrida Wildberries & Russ «O‘zbekiston pochtasi»dagi ulushni sotib olgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, 2025 yilda Wildberries orqali o‘zbek tovarlarining aylanmasi 1,5 milliard dollardan oshgan.
Wildberries & Russ qo‘shma kompaniyasi 2024 yil iyul oyida Wildberries va Russ kompaniyalari birlashishi natijasida tashkil etilgan. Uning bosh ijrochi direktori etib Robert Mirzoyan tayinlangan.
O‘zbekistonda infratuzilmasini kengaytirish bilan bir qatorda, Wildberries Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham o‘z faoliyatini kuchaytirmoqda. Kompaniya Qozog‘istonning Olmaota shahrida maydoni 100 ming kvadrat metr bo‘lgan taqsimlash markazini qurishni rejalashtirgan. Shuningdek, Ostonada yana bir ob’ekt barpo etish rejasi ham mavjud.