Pochta xizmati muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lib, har qanday ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, epidemiologik vaziyatlarda ham unga bo‘lgan talab va taklif hech qachon to‘xtab qolmaydi. Aksincha, doimiy ravishda o‘sib boradi. Bu esa bojxona sohasi xodimlaridan doimiy ravishda o‘z ustida ishlashni, tizimga yangi innovasion texnologiyalarni joriy qilishni, pochta xavfsizligini ta’minlash kabi muhim yo‘nalishlarni doimiy takomillashtirishni talab etadi.
“Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti. Bu yerda turli mamlakatlardan yurtimizda yashovchi fuqarolar nomiga kelgan hamda fuqarolarimiz tomonidan xorij davlatlariga jo‘natilayotgan xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarining bojxona nazorati amalga oshiriladi.
Ko‘pchilikda “xalqaro pochta hamda kuryerlik jo‘natmalari orasida nima farq bor?” degan savol tug‘ilishi tabiiy. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 dekabrdagi “Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 767-son Qaroriga ko‘ra,
- xalqaro pochta jo‘natmalari – manzili ko‘rsatilgan tegishli qadoqdagi yozma xat-xabarlar, bosma nashrlar va boshqa jo‘natmalar;;
- xalqaro kuryerlik jo‘natmalari esa – isqa muddatlarda qo‘ldan-qo‘lga yetkazib berilgan (topshirilgan) holda amalga oshiriladigan pochta varaqchalari, xatlar, banderollar, bosma nashrlar va boshqa jo‘natmalar.
Xorijdan xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari mamlakatimizga olib kelishda ma’lum bir cheklovlar mavjud.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 iyundagi “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3512-sonli qarorining 1/a bandida, jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan xalqaro kuryerlik jo‘natmalari uchun bir kalendar chorak mobaynida — 1000 AQSh dollarigacha hamda xalqaro pochta jo‘natmalarida har bir jo‘natma uchun 100 AQSh dollarigacha bojxona to‘lovlariga tortilmaydigan chegaralangan normalar belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari orqali kelayotgan tovarlar nazoratini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-3873-sonli qarorining 6-bandiga ko‘ra, yuridik shaxslar uchun bu me’yor ham xalqaro pochta, ham kuryerlik jo‘natmalari uchun 100 AQSh dollariga teng bo‘lgan qiymatni tashkil etadi.
Mazkur bojxona posti Toshkent shahrining Sirg‘ali tumanida joylashgan. Bugungi kunda bojxona postida 21 nafar bojxona xodimlari xizmat qilishadi.
Bojxona postining “Xalqaro pochtamt” bojxona punkti mavjud. Bojxona postida bojxona nazorati jarayonlari avtomatlashtirilgan shaklda amalga oshirilib, ko‘rik jarayonlarida zamonaviy rengent qurilmalaridan foydalaniladi.
Joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida bojxona postida 3,8 ming tonna xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarining bojxona nazorati amalga oshirilib, 119,9 mlrd. so‘mlik bojxona to‘lovlari davlat byudjetiga o‘tkazildi.
Bojxona postida huquqbuzarliklarga qarshi kurash borasida ham tizimli kurash olib borilmoqda.
Xususan, post xodimlari tomonidan 197 ta holatda 615,6 mln. so‘mlik tovar-moddiy boyliklar, shuningdek boshqarmaning tezkor tarkibiy tuzilmalari bilan hamkorlikda 17 kg.dan ortiq giyohvandlik vositalari, 554 dona tarkibida psixotrop moddalar mavjud bo‘lgan tabletkalarning noqonuniy kirib kelishining oldi olindi.
Bojxona postida xalqaro pochta va xalqaro kuryerlik jo‘natmalarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonida yaratilgan qulayliklar fuqarolarga manzur bo‘lmoqda.
Post xodimlari esa mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarga xamohang tarzda o‘zlariga yuklatilgan xizmat vazifalarini vijdonan, halol bajarib, kunu tun mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida o‘z hissalarini qo‘shib kelishmoqda.
Damir Albetkov,
“Bosh pochtam” bojxona posti boshlig‘i