21−22 mart kunlari elektr energiyasi uchun onlayn to‘lov qilishda uzilishlar kuzatiladi. Bu haqda «Hududiy elektr tarmoqlari» axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, «HET Billing» dasturiy kompleksini takomillashtirish maqsadida zarur texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan 21−22 mart kunlari Ma’lumotlarni qayta ishlash markazida profilaktik ishlar olib boriladi.
Mazkur vaqt oralig‘ida elektr energiyasi uchun onlayn to‘lovlarni amalga oshirish hamda shaxsiy hisobraqamdagi mavjud ma’lumotlarni olishda texnik uzilishlar bo‘lishi mumkin.
«Iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida ayni muddatda qarzdor iste’molchilar avtomatik tarzda tarmoqdan ajratilmaydi. Keltirilgan noqulayliklar uchun oldindan uzr so‘raymiz», deyiladi xabarda.