2020 yil bizni nafaqat muammolarni yechishga majburlaydi, balki o‘rta va uzoq muddatli istiqbollarni ham o‘ylashga taklif qiladi. Chunki bunda yangi yil boshlanishidan tashqari, yangi o‘n yillik ham boshlandi.
Biz 2019 yilni dunyoning ko‘p davlatlaridagi norozilik namoyishlari bilan, Donald Trampning notinch tashqi siyosatining yangi belgilari bilan, lekin iqtisodiy inqirozlarsiz ortda qoldirdik.
2020 yilda dunyoni nimalar kutmoqda? 2020 yilda bizni tengsizlik va desinxronizasiya kabi asosiy tendensiyalari bilan ajralib turadigan kontekstdagi ushbu masalalar band qiladi.
E’TIROZLAR VA JAVOBLAR
2019 yilning ikkinchi yarmi, ayniqsa dunyo mamlakatlaridagi fuqarolar noroziligi darajasi bo‘yicha shiddatli bo‘ldi. Ammo 2020 yilda bu noroziliklarga qaraganda ularga berilishi kerak bo‘lgan javoblar muhimroq bo‘ladi. O‘zini kuchliroq his qilgan davlatlar yangicha yashash mexanizmlarini tatbiq etadilar va namoyishchilarning charchoq omilidan foydalanishga harakat qilmaydilar.
Boshqa tomondan, agar davlatlar o‘zini zaif his qilsa va jamiyatda kuchli ijtimoiy bo‘linish bo‘lsa, e’tirozlarga nisbatan e’tiroz bilan chiqish yoki repressiyalar xavfi ortadi.
IQLIMNING SIYOSIYLASHUVI
2020 yilda iqlim bo‘yicha Kioto protokollarining o‘rniga Parij bitimi kuchga kiradi va oshkoralik mexanizmlariga asoslanib, majburiyatni bajarmaydigan davlatlarga nisbatan ijtimoiy bosim kuchaytirilishi kerak.
2020 yilda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash harakatining kuchli yoyilishini va bu narsa hattoki o‘ta keskin avj olishini kuzatishimiz mumkin. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, albatta o‘z g‘olib va mag‘lublarini keltirib chiqaradi. Aynan shu yerda o‘ng populist siyosatchilar katta sahnaga chiqish uchun, hali ham yuqori darajada ifloslantiruvchi ishlab chiqarish faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan aholi yoki hududlarga qo‘rquv yaqinligini uqtirishga harakat qilishadi.
Hozirgacha asosan migrasiyaga qarshi kurashga e’tibor qaratgan kuchlar, tobora ko‘proq iqlimiy radikalizmga murojaat qilishadi yoki boy globalistlarning tashvishi sifatida ushbu muammoning dolzarbligini rad etadilar.
IQTISODIYOTNING ESKI MUAMMOLARI
Global iqtisodiyotda 2019 yilda rejalashtirilgan xavotirlardan hech biri 2020 yilga kelib yo‘qolmadi va bunga kapitalizmning kelajagi, raqamlashtirish va avtomatlashtirishning iqtisodiyotga ta’siri, ijtimoiy xavfsizlik va ijtimoiy beqarorlik dinamikasi haqidagi uzoq muddatli muammolar qo‘shilishi kerak.
Yuqoridagi faktorlar hisobga olinmagan eskirgan iqtisodiy metodlardan kelib chiqadigan chora-tadbirlar kutilgan natijalarni bermaydi. Iqtisodiyotga bo‘lgan yangicha qarashlar o‘z safiga ko‘plab izdoshlarni jalb qilishi va ko‘rsatkichlar bunda qanday bo‘ladi degan munozaralar kuchayishi mumkin.
TEXNOLOGIYALAR YANGI KUCh FAKTORI SIFATIDA
2020 yil 5G tarmoqlari yili bo‘ladi, biz uchun sun’iy intellekt va kvant hisoblash sohasida katta yutuqlarni ko‘radigan o‘n yillik boshlanadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari va Xitoy o‘rtasida qandaydir texnologik G-2 shakllanmoqda va bunda tarixdagi “Sovuq urush” ning yangicha elementlari mavjud.
Texnologik bipolyar dunyo yangi qaramlik va ta’sir doiralarini yaratadi, ammo orqada qolayotgan davlatlar orasida bunga qarshi reaksiyalarni keltirib chiqaradi.
Ma’lumki, axborot — bu yangi turdagi neft kabidir, chunki hozirda u eng qimmatbaho manba bo‘lib, uni egallash uchun raqobat mavjud. Ko‘proq axborot to‘plagan kishi, tizimning qolgan qismiga nisbatan kuchli pozisiyani egallaydi. Lekin buni eng diqqatga sazovor jihati shundaki, axborot olamida odamlarni, ularni fuqarolik bilan ta’minlagan o‘z davlatlaridan ko‘ra, yirik informasion texnologiya gigantlari yaxshiroq bilishadi.
2020 yilda shaxsiy xulq-atvorga asoslanib ma’lumotlar yig‘ishga ixtisoslashgan ushbu “nazorat kapitalizmi” prognoz qilishning biznes modeli sifatida tijoratlashtiriladi.
AMERIKA QO‘SHMA SHTATLARIDA PREZIDENTLIK SAYLOVLARI
2020 yil 3 noyabr kuni amerikaliklar o‘z prezidentini saylashadi. Tramp prezidentligining haddan tashqari qo‘pol xatti-harakati va noto‘g‘ri qarorlari so‘nggi uch yil uchun xalqaro kun tartibini shakllantirdi va 2020 yilda ham shunday davom etadi.
Saylov kampaniyasi davrida nomzodlar o‘z e’tiborlarini asosan ichki muammolarga qaratishlariga qaramay, tashqi siyosat ham munozaralardan chetda qolmaydi. 2020 yilda ham biz Venesuela yoki Eronga nisbatan yanada tajovuzkor pozisiyani, migrasiya kun tartibidagi qattiqlikni (ayniqsa Meksikaga nisbatan), Isroil ekspansionizmini qo‘llab-quvvatlash belgilarini va Xitoy bilan tijorat mojarosini hal qilinishini kutishimiz mumkin.
Bundan tashqari, AQShdagi saylovlar xalqaro maydonda muhokama qilinadigan yana ikkita mavzuni keltirib chiqaradi: Trampning ikkinchi prezidentlik davridan nimalarni kutish va Demokrat nomzod kim bo‘lishiga qarab, tashqi siyosatda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini.
EVROPA
BREXIT juda yaqin, Makron hujumga o‘tdi va Germaniya 2020 yilning ikkinchi yarmida rotasion vakillik lavozimini egallaydi. Bu yangi Yevropa Komissiyasining ko‘proq geosiyosiy o‘yin qilishga bergan va’dasining ustidan chiqish uchun zamin yaratadi.
2020 yil Yevropa Ittifoqining yangi ko‘p yillik byudjeti bo‘yicha muzokaralar uchun hal qiluvchi yil bo‘ladi. AQSh bilan munosabatlar o‘ta salbiy nuqtada, Rossiya va Turkiya bilan qarama-qarshilik elementlari ko‘p jihatdan qaramlik yoki hatto bo‘ysunish munosabatlari bilan o‘sib bormoqda, chunki bunda tabiiy gaz va noqonuniy migrasiya faktorlari mavjud. Bunday sharoitda Bryussel doimgiday o‘zini kuchli his qiladigan iqlim o‘zgarishi va savdo-sotiq kabi masalalarga ko‘proq e’tibor qaratishi kerak.
AFRIKA
Hozirda Afrika markaziy ahamiyatga ega bo‘ldi. Hech kim Afrikani unutilgan qit’a deb o‘ylay olmaydi. Rivojlanish va iqtisodiy o‘sish haqida gaplashadigan bo‘lsak, 2019 yilda rasman kuchga kirgan Afrika kontinental erkin savdo shartnomasi mexanizmi 2020 yil 1 iyuldan ishlay boshlaydi.
Ushbu erkin savdo zonasini yaratish, buni allaqachon kelishib olgan barcha davlatlar tomonidan ratifikasiya qilingach, natijada mavjud hisob-kitoblarga ko‘ra, Afrika ichidagi savdo hajmi 50 foizga oshishi mumkin. Bundan tashqari, Afrika qit’asi iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan mamlakatlarga ega.
Masalan, Efiopiyada iqtisodiy o‘sish 9% dan oshishi taxmin qilinmoqda.
Shuningdek, Ruanda, Senegal, Gana, Tanzaniya yoki Kot-dIvuar ham bor, ularning hammasi 6% dan oshiq iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ega. Ushbu raqamlarga qaramay, Afrikaning zaif tomoni shundaki, iqtisodiy o‘sish, o‘sib borayotgan tengsizlik, atrof-muhit va shahar muammolarining oshishi bilan birga keladi.
Bundan tashqari, qit’aning asosiy iqtisodiy va demografik kuchi, Nigeriya, 2014 yildan beri yillik 3 foizlik to‘siqni yengib o‘tolmayapti va unda qisqa muddatda yaxshilanish istiqbollari yo‘q. Ikkinchi iqtisodiyot, Janubiy Afrika, anemik rivojlanish darajasiga ega.
BMT 75 YOSHDA: NAFAQAGA YOKI YANGILANISHGA?
2020 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi kuchga kirganining 75 yilligi nishonlanadi. 2019 yil iyun oyida BMT Bosh Assambleyasi 73/299 son rezolyusiyani qabul qildi, unda 75 yillik yubileyni nishonlash va 2020 yil 21 sentyabrda davlat va hukumat rahbarlari ishtirokida yuqori darajadagi uchrashuvni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ushbu tantanani o‘tkazish uchun aniq shior tanlandi: “Biz xohlagan kelajak, bizga kerak bo‘ladigan Birlashgan Millatlar Tashkiloti”.
Ammo Birlashgan Millatlar Tashkilotiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, biz BMTni global boshqaruv mexanizmi va ish dasturlarini kollektiv ishlab chiqaruvchi sifatida ko‘rishimiz kerak.
Xavfsizlik kengashi yangi islohotlarga muhtoj. Uni yangilash zarurligi to‘g‘risida konsensus mavjud, ammo buni qanday amalga oshirish haqida esa gap yo‘q. Chunki islohotlar kalitiga ega bo‘lgan mamlakatlar, agar o‘zgarishlar yuz beradigan bo‘lsa, eng ko‘p yo‘qotishlarga uchraydiganlardir. Hozir, kimdir doimiy a’zolarni ishontira oladigan sehrli formulani topishini kutish kerak bo‘lgan vaziyat havoda osilib qolgan.
2019 yil boshida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Guterrish tashkilot a’zolariga xat yuborib, davlatlar faqat tinchlikni saqlash sohasini o‘zi bo‘yicha 2 milliard dollar qarzdorligi haqida ogohlantirgandi.
Ushbu qarzning uchdan bir qismi AQShga tegishli edi. Yil davomida vaziyat yanada yomonlashdi: 64 ta davlat hanuzgacha o‘z kvotalarini bajara olmadi, bu esa tashkilotni oxirgi o‘n yillikdagi eng yomon likvidlik inqiroziga duchor qilishi mumkin.
Bundan tashqari, ushbu resurs inqirozi insoniyatni ikki baravar tashvishga solishi kerak, chunki Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan muassasalari duch keladigan favqulodda vaziyatlar yanada keskinlashmoqda va ko‘paymoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda dunyo bo‘ylab 168 milliondan ortiq odam gumanitar yordamga muhtoj bo‘ladi, bu so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, kelgusi yillarda prognoz sezilarli darajada oshadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, 60 dan ortiq mamlakatlarda 59 milliondan ortiq bolalarga yordam berilishi kerak. Dunyo mamlakatlarining buni moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyojni “Barqaror Rivojlanish Maqsadlari” (SDGs) belgilagan 2030 yildan, o‘n yil oldin uch baravarga oshirishi kerakligi esa BMT loyihalarining kelajagini soya ostida qoldirishi mumkin. Umuman olganda, 2020 yil nafaqat BMTning kelajagi, balki Jahon Savdo Tashkiloti (JST) kabi boshqa ko‘p tomonlama mexanizmlar muhokama qilinadigan yil bo‘ladi.
Nurbek ALIMOV,
Xalqaro munosabatlar bo‘yicha eksperti
Manba: uza.uz