Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari tomonidan 2016-2022 yillarda O‘zbekistonda sement sanoatining rivojlanish dinamikasi o‘rganildi.
2016-yilda mamlakatimizning 5 ta hududida joylashgan 12 korxonada 8,6 million tonna sement ishlab chiqarilgani qurilish sanoatini rivojlantirish dasturlari ijrosini ta’minlashning asosiy omillaridan biri bo‘ldi.
Sementga talabning yuqoriligi, bozorni rivojlantirishning sezilarli salohiyati, mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratgan rag‘batlantiruvchi davlat siyosati sement sohasiga yangi investorlar e’tiborini tortdi.
2017-2022 yillarda turli hududlarda energiya tejovchi “quruq” texnologiyalar asosida sement ishlab chiqaruvchi 21 ta yangi korxona tashkil etildi va umumiy ishlab chiqarish quvvati 27 million tonnaga yetkazildi.
2022-yilda O‘zbekistonda 14,6 million tonna sement ishlab chiqarildi va kishi boshiga o‘rtacha ishlab chiqarish hajmi 415 kilogrammga yetdi. Bu ko‘rsatkich dunyo miqyosida o‘rtacha 519 kilogrammni, Xitoyda 1770 kilogrammni, Turkiyada 873 kilogrammni, Rossiyada 414 kilogrammni, AQShda 280 kilogrammni tashkil qilgan.
2017-2022 yillarda qurilish ishlari hajmi 71,5 foizga oshgani holda sement ishlab chiqarish hajmi 69,3 foizga oshgan. Bu bozordagi talab va taklifning muvofiqligini ko‘rsatmoqda.
Kelajakda sohani yanada innovasion rivojlantirish uchun energiya tejaydigan “yashil” texnologiyalarni joriy etish, bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulot turlarini diversifikasiya qilish, yuqori markali (M500 va M600) va maxsus sement turlarini ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirish ko‘zda tutilmoqda.