DW nashrining xabar berishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatda markaziy bank funksiyalarini bajaruvchi Federal zaxira tizimi (FZT) boshqaruvchilaridan biri Liza Kukni lavozimidan bo‘shatish qarorini e’lon qildi. Prezident bu haqdagi xatni Kukka yo‘lladi va Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ham e’lon qildi. Bu hodisa Qo‘shma Shtatlar prezidenti 111 yillik tarixda ilk bor markaziy bank boshqaruvchisini ishdan bo‘shatishga urinishi hisoblanadi.
Tramp Kukning “ishdan bo‘shatilishiga asosli sabab” sifatida huquq-tartibot idoralari uning “bir yoki bir nechta ipoteka bitimlarida yolg‘on ma’lumot bergani” haqidagi xabarlarni ko‘rsatgan.
O‘z navbatida, Liza Kuk iste’foga chiqmasligini e’lon qildi. "Prezident Tramp meni “asosli sabab bilan ishdan bo‘shatgani” haqida ma’lum qildi, ammo qonun bo‘yicha bunday sabab yo‘q va uni meni lavozimimdan ozod qilishga vakolati ham yo‘q. Men iste’foga chiqmayman. 2022 yildan beri qilayotganimdek, AQSh iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashdagi vazifalarimni davom ettiraman", — dedi FZT boshqaruvchisi.
Tramp uzoq vaqtdan beri Qo‘shma Shtatlarning mustaqil markaziy banki hisoblanuvchi FZTni foiz stavkalarini pasaytirishni kechiktirishda ayblab keladi. Yaqinda Kuk Tramp va uning ma’muriyati tomonidan “ipoteka kreditlari bo‘yicha firibgarlik” da’volari bilan ham tanqid qilingan edi.
AQSh Adliya vazirligi bu ayblovlarni tekshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan, ammo hozircha Kukka nisbatan hech qanday rasmiy ayblov qo‘yilmagan.