Ozarbayjon hukumati Rossiyani mamlakatning Ukraina hududidagi ob’ektlariga qasddan zarba berishda aybladi. Bu masala Ozarbayjon va Ukraina prezidentlari Ilhom Aliyev hamda Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi telefon so‘zlashuvida muhokama etilgan.
Bu o‘rinda gap SOCAR kompaniyasining (Ozarbayjon) Ukraina hududidagi neft-gaz ob’ektlari va gaz kompress stansiyalariga qarshi hujumlar haqida ketmoqda.
Ozarbayjon prezidenti matbuot xizmati xabariga qaraganda, Aliyev va Zelenskiy Rossiya hujumlariga qaramay, Boku va Kiyevning energetika sohasidagi hamkorligi davom etishini ta’kidlagan.
Zelenskiy Ozarbayjon prezidentiga Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashdagi ko‘magi uchun minnatdorlik bildirgan.
Ma’lumot o‘rnida: 6 avgustga o‘tar kechasi Rossiya tomoni Odessa viloyatidagi “Orlovka” gaz kompressor stansiyasiga dronlar orqali zarba bergan. Ozarbayjon gazini Ukrainaga yetkazishda muhim o‘rin tutuvchi inshootga hujum uyushtirilishi Boku tomonidan “qasddan qilingan harakat” deb baholanmoqda.
Rossiya armiyasi 8 avgustga o‘tar kechasi ham Odessadagi SOCAR omboriga dron hujumi uyushtirgan.
Ushbu hujumlar ortidan, 11 avgust kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Ukrainaga insonparvarlik yordami ko‘rsatish maqsadida 2 million dollar ajratish to‘g‘risida farmoyish imzolagan. Mazkur mablag‘ Ukrainaga elektr uskunalari yetkazish uchun sarflanishi kutilmoqda.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini boshlangan 2022 yildan buyon Boku Kiyevga bir necha marta insonparvarlik ko‘magi jo‘natdi.
Ozarbayjon tomoni Ukrainani tiklash uchun 10 million dollardan kam bo‘lmagan ko‘mak ajratishini ham ma’lum qilgan.
Ozarbayjonning Ukrainadagi ob’ektlari Moskva tomonidan nishonga olinishi manzarasida Boku yanada keskin qadamlar qo‘yishi mumkin.
“Caliber” nashrining yozishicha, Ozarbayjon hukumati Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishga qo‘yilgan embargoni bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Ta’kidlanishicha, Moskva Boku manfaatlariga qarshi “tajovuzkor siyosat”ni davom ettirsa, ushbu cheklov bekor qilinadi.
So‘nggi vaqtlarda Moskva va Boku orasiga sovuqchilik tushgan. Bunga Rossiyada ozarbayjon diasporasiga mansub fuqarolarning ommaviy hibsga olinishi, o‘tgan yil oxirida ro‘y bergan aviahalokat sabab bo‘lgan.
Tahlilchilar tobora geosiyosiy jihatdan mustaqil siyosat yuritishga urinayotgan Ozarbayjon Rossiyaning “katta og‘alik” qilishiga ortiq toqat qilmasligini aytmoqda.