AQSh prezidenti Donald Tramp uysizlar Vashingtonni tark etishi kerakligini aytib, shahardagi jinoyatlarga qarshi kurashishga va’da berdi.
«Men poytaxtimizni har qachongidan ham xavfsizroq va go‘zalroq qilish niyatidaman. Uysizlar zudlik bilan chiqib ketishlari kerak. Biz sizni yashash joylari bilan ta’minlaymiz, lekin poytaxtdan uzoqda», – deb yozdi Tramp yakshanba kuni tvitterda.
Tramp, shuningdek, dushanba kuni Oq uyda matbuot anjumani o‘tkazib, AQSh poytaxtida zo‘ravonlik jinoyatlariga qarshi kurash rejalarini oshkor etishini aytdi. Tramp shaharni «har doimgidan ham xavfsizroq va chiroyli» qilishni xohlayotganini aytgan.
Tramp 2022 yilda ham uysiz odamlarni shahar tashqarisiga, hojatxonalar va tibbiy xizmatlari bo‘lgan «yuqori sifatli» chodirlarga ko‘chirishni taklif qilgan.
Vashington meri Myuriel Bauzer,o‘z navbatida, megapolisda jinoyatchilikning ko‘payayotgani haqidagi gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytadi.
«Biz 2023 yilda jinoyatchilikning avj olganini ko‘rganimiz rost. Lekin bu 2023 yil emas. Biz so‘nggi ikki yil davomida bu shaharda zo‘ravonlik jinoyatiga qarshi kurashish uchun juda katta mablag‘ sarfladik va uni 30 yildagi eng past darajaga tushirdik», – dedi u yakshanba kuni MSNBC telekanaliga bergan intervyusida.
Qayd etilishicha, Vashingtonda aholi jon boshiga qotillik darajasi AQShning boshqa shaharlariga nisbatan yuqoriligicha qolmoqda, bu yil 98 ta qotillik qayd etilgan. Mamlakat poytaxtida qotillik darajasi o‘n yil davomida o‘sib bormoqda.
Biroq, yanvar oyidagi federal ma’lumotlarga ko‘ra, Vashingtonda o‘tgan yili 30 yil ichida eng past zo‘ravonlik jinoyati, jumladan, avtomashinalarni o‘g‘irlash, hujumlar va o‘g‘irliklar qayd etilgan.
Vashingtondagi uysizlar muammosini hal qilish bilan shug‘ullanuvchi Community Partnership tashkilotining Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, 700 ming nafar aholisi bo‘lgan shaharda 3 782 nafar uysiz odam bor. Ularning aksariyati davlat uylarida yoki boshpanalarida yashaydi, biroq 800 ga yaqini ko‘chalarda yashaydi.