"Pekin o‘zini “Rossiya orqali G‘arb bilan bilvosita urush olib boryapmiz” deb hisoblaydi. Xitoy hukumatining ayrim bayonotlarida shuni ko‘rmoqdamizki, ular AQSh va uning ittifoqchilarini Ukraina urushi orqali chalg‘itmoqchi, shunda biz boshqa strategik tahdidlarga e’tibor qarata olmaymiz. Ammo bu ro‘y bermaydi. Menimcha, Xitoy hisob-kitobda adashdi va uni Ukrainadagi jang maydonlarida kechayotgan qon to‘kilishini subsidiyalaganlik uchun javobgarlikka tortish kerak", — dedi Qo‘shma Shtatlarning NATO'dagi elchisi Mettyu Uitaker Fox Business dasturi efirida.
Uitaker shuningdek, agar 50 kun ichida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, Donald Tramp va’da qilgan ikkilamchi sanksiyalar “jiddiy” bo‘lishini va Rossiya neftini sotib olayotgan davlatlarga, bu Xitoy, Hindiston yoki Braziliya bo‘lishidan qat’i nazar, zarba berishini qo‘shimcha qildi.
Bloomberg'ning qayd etishicha, 2022 yilda Ukrainaga bosqin boshlanganidan keyin Rossiya neftining Xitoyga importi oshgan. Vashington va Kiyevning boshqa ittifoqchilari esa bu xaridlarni Rossiyani “imi-jimida qo‘llash shakli” deb bilmoqda. Bu esa Rossiya iqtisodiyotini mustahkamlab, sanksiyalar ta’sirini kamaytirmoqda.