DW nashrining yozishicha, bugun Germaniyaning Leypsig shahridan Iroq poytaxti Bag‘dodga deportasiya qilinishi lozim bo‘lgan qochqinlarni olib ketayotgan samolyot havoga ko‘tarildi.
DPA agentligi xabariga ko‘ra, Iroq fuqarolari aeroportga bir nechta polisiya mashinalarida olib kelingan, biroq bortdagi yo‘lovchilar soni ma’lum qilinmagan. Germaniya Ichki ishlar vazirligi hozircha rasmiy bayonot bergani yo‘q.
Bu bir hafta ichida ikkinchi deportasiya reysi bo‘ldi. 18 iyul, bortida Afg‘onistonning 81 nafar fuqarosi bo‘lgan reys Kobulga uchgan edi, ularning barchasi Germaniyada jinoyat sodir etganlikda ayblanib sudlangan.
22 iyul kuni Kopengagenda Yevroittifoq mamlakatlarining ichki ishlar vazirlari migrasiya va xavfsizlik siyosatini muhokama qilishadi. Asosiy e’tibor boshpana olish rad etilgan migrantlarni qaytarish, noqonuniy migrasiyaga, uyushgan jinoyatchilikka va narkotiklar bilan noqonuniy savdoga qarshi kurashish masalalariga qaratilishi rejalashtirilgan.