Bu aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Guruch, kartoshka, meva-sabzavotlar, zaytun moyi, kakao va qahva kabi oziq-ovqat mahsulotlari iqlim o‘zgarishi tufayli zarar ko‘rmoqda, deb xabar beradi DW.
Ushbu mahsulotlar iqlimning misli ko‘rilmagan ta’siriga duchor bo‘ldi, bu esa iste’molchilar uchun narxlarning keskin oshishiga olib keldi. Bu haqda Barselona superkompyuter markazi (BSC-CNS) tadqiqotida aytilgan. Unda 2022-2024 yillar oralig‘ida issiqlik to‘lqinlari, qurg‘oqchilik yoki ortiqcha yog‘ingarchilik tufayli oziq-ovqat narxlari qanday o‘zgargani tahlil qilindi.
Buyuk Britaniyada 2024 yilning yanvar-fevral oylarida qishki yog‘ingarchilik tufayli kartoshka narxi 22 foizga oshdi.
AQShning Kaliforniya va Arizona shtatlarida sabzavot narxlari yozgi qurg‘oqchilikdan keyin 2022 yil noyabr oyida 80 foizga oshdi.
2022-2023 yillarda Italiya va Ispaniyadagi qurg‘oqchilik tufayli Yevropa Ittifoqida zaytun moyi narxi 50 foizga oshdi.
Buyuk Britaniya oziq-ovqat jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, sog‘lom oziq-ovqatlar nosog‘lom oziq-ovqatlarga qaraganda o‘rtacha ikki baravar qimmat. Narxlar ko‘tarilganda, kam ta’minlangan oilalar meva va sabzavotlar kabi sog‘lom oziq-ovqatlarni xarid qila olmaydi. Shunday qilib, iqlim o‘zgarishi sababli narxlarning oshishi aholining ma’lum bir qismi uchun sog‘liq muammolarini kuchaytirishi mumkin.
— Agar biz issiqxona gazlari chiqindilarini nolga tushirmagunimizcha, ekstremal ob-havo hodisalari ko‘payishda davom etadi, bu esa ekinlarga zarar yetkazadi va butun dunyo bo‘ylab oziq-ovqat narxini oshiradi, — BSC-CNS tadqiqotining bosh muallifi Maksimilian Kos.