1968 yilda inson huquqlari himoyachisi Martin Lyuter Kingning o‘ldirilishi bilan bog‘liq 240 ming sahifadan ortiq hujjatlar AQSh Milliy arxivlar va hujjatlarni boshqarish boshqarmasi saytida e’lon qilindi.
Associated Press'ga ko‘ra, mazkur hujjatlar 1977 yilda AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) tomonidan to‘plangan. Ular King ustidan kuzatuv, shuningdek, uning o‘ldirilishidan keyingi tergov natijalarini o‘z ichiga oladi. Agentlikning qayd etishicha, hujjatlardan Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) Kingning urush va qashshoqlikka qarshi xalqaro harakatlarda ishtirokini diqqat bilan kuzatgani ma’lum bo‘ladi. Ammo hozircha bu hujjatlar uning o‘ldirilishi tafsilotlariga aniqlik kiritadimi yo‘qmi, noma’lumligicha qolmoqda.
Martin Lyuter Kingning hozirda hayot bo‘lgan ikki farzandi — 63 yoshli Martin Lyuter King III va 62 yoshli Bernis King bu voqea “o‘nlab yillar davomida jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otib kelganini” aytishdi. Ular mazkur masala shaxsiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, e’lon qilingan hujjatlarga “to‘liq tarixiy kontekstda” baho berishga chaqirishdi. Shuningdek, ular oilaning avvalgi pozisiyasini takrorlab, Martin Lyuter Kingni o‘ldirganlikda ayblangan Jeyms Erl Rey bu jinoyatda yagona aybdor emasligini, hatto, ehtimol, umuman aybdor bo‘lmaganini bildirishdi.
Bernis King va Martin Lyuter King III o‘z bayonotlarida AQSh prezidenti Donald Tramp nomini tilga olishmagan. Biroq Bernis King o‘zining Instagram sahifasida otasining fotosuratini “Endi Epshteyn ishi bilan shug‘ullaning” degan yozuv bilan joylashtirdi.
Martin Lyuter King 1968 yil 4 aprel kuni Tennessi shtatining Memfis shahrida o‘ldirilgan. Uning o‘ldirilishida Jeyms Erl Rey ayblanib, 99 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Rey dastlab o‘z aybini tan olgan, biroq keyinchalik bu ko‘rsatmalarni berishga majburlanganini aytgan. U 1998 yilda vafot etguniga qadar o‘zini aybsiz deb hisoblagan.