Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning ma’lum qilishicha, The Wall Street Journal (WSJ) nashri jurnalistlari bu hafta oxirida bo‘lib o‘tadigan Trampning Shotlandiyaga tashrifi chog‘ida Air Force One bortida bo‘lmaydi.
"Prezidentning Shotlandiyaga safarini yoritish uchun 13 ta turli ommaviy axborot vositalari vakillari press-pulga kiritilgan. The Wall Street Journal tomonidan tarqatilgan yolg‘on va tuhmatli materiallar tufayli ular bu qatorga kiritilmadi", — deya Livittning so‘zlarini keltiradi Politico.
Avvalroq Tramp WSJ, uning egasi Rupert Merdok va News Corporation xoldingini sudga bergan edi. Bunga WSJ'da chop etilgan voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlikda ayblangan Jeffri Epshteyn haqidagi maqola sabab bo‘lgandi.
Mazkur maqolada yozilishicha, Tramp 2003 yilda Epshteynning 50 yillik yubileyi munosabati bilan unga tabrik yuborgan, bu tabrik yalang‘och ayol tanasi tasviri ustida yozilgan bo‘lgan. Tramp esa bu xatni yozmaganini, uni soxtalashtirilgan deb hisoblashini aytib, 10 milliard dollar miqdorida kompensasiya talab qilgan.