Rossiya chegarachilari O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining telefonlarida terroristik va ekstremistik tashkilotlar, shuningdek, radikal kanallarga obunani aniqlagan taqdirda, ularga mamlakat hududiga kirishga ruxsat berilmayapti. Bu haqda 20 dan ortiq sud hujjatlariga tayanib TASS axborot agentligi xabar berdi.
"Yana bir necha shaxs Ukrainaparast kanallarga obuna bo‘lgani, shuningdek, Rossiya huquq-tartibot idoralari xodimlarining xatti-harakatlarini qoralovchi yozishmalari borligi aniqlangan. Ba’zilar chegarani kesib o‘tishdan oldin messenjerlardagi yozishmalarini tozalashga harakat qilgan", deyiladi xabarda.
" 2024 yil mart oyida Crocus City Hall konsert zalida sodir etilgan teraktdan keyin Rossiya chegarasida xorijliklarni tekshirish kuchaytirildi. Teraktni sodir etishda gumon qilinib, Tojikiston fuqarolari qo‘lga olingan", deya qayd etdi TASS.
Axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir yarim yil ichida Tojikiston va O‘zbekistonning 20 dan ortiq fuqarolari Rossiyaga kirish taqiqi ustidan shikoyat qilishga uringan, biroq sudlar barcha hollarda rad etishni asosli deb hisoblagan.