Qirg‘izistonda 16 nafar xorijlikka noqonuniy ravishda respublika fuqaroligini olishga yordam bergan ikki davlat amaldori qo‘lga olindi.
Bu haqda mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) matbuot xizmati ma’lum qildi.
"MXDQ xodimlari tomonidan soxta sud qarorlari asosida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Qirg‘iziston Respublikasi fuqaroligiga noqonuniy qabul qilish holati aniqlangan”, — deyiladi xabarda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, O‘sh viloyati O‘zgan tuman sudi xodimi hamda O‘zgan tuman mehnat, ijtimoiy ta’minot va migrasiya bo‘limi boshlig‘i tomonidan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga pul kompensasiyasi uchun Qirg‘izistonda tug‘ilganliklari to‘g‘risida soxta sud qarorlari taqdim etilgan.
"O‘sh shahar sudi ikki oy muddatga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatorida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanladi. Hozirda jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor-tergov tadbirlari davom ettirilmoqda", — deya aniqlik kiritdi matbuot xizmati.