Bugun 23 iyul, 2025 yil, chorshanba

КИР

Transafg‘on temir yo‘li qurilishi 5 yilda yakunlanishi kutilmoqda

Transafg‘on temir yo‘li qurilishi 5 yilda yakunlanishi kutilmoqda

O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokistonni bog‘laydigan Transafg‘on temir yo‘li orqali yuk tashish hajmi dastlab yiliga 3 mln tonnaga yetsa, 2040 yilgacha bu ko‘rsatkich 15–20 mln tonnadan oshishi mumkin.

O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida Transafg‘on temir yo‘li loyihasi haqida batafsil ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur loyiha O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ikkinchi yirik strategik tashabbusi hisoblanadi. Bu yo‘nalishda Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lining amaliy qurilishi allaqachon boshlangan.

Choriyevga ko‘ra, uch davlat — O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida 17 iyul kuni imzolangan cheklangan hukumatlararo kelishuv loyihani amalga oshirishda muhim bosqich sanaladi. Ushbu kelishuv asosida texnik-iqtisodiy asoslash (TIA) ishlariga kirishiladi. Jumladan, loyiha yo‘nalishini belgilash, geologiya va yer tahlillari, iqtisodiy va moliyaviy baholash ishlari amalga oshiriladi.

Yangi temir yo‘l Termez–Naybobod–Maydonshahr–Lo‘gar–Harlachi yo‘nalishi bo‘yicha o‘tadi. Birinchi bosqichda 3 mln tonna yuk tashish ko‘zda tutilsa-da, kelgusida loyihaning samaradorligi yuqori bo‘lishi va yanada katta hajmda yuk tashish imkoniyati yaratilishi mumkin. Bu Transafg‘on koridorini O‘zbekiston uchun dengiz portlariga olib chiqadigan eng qisqa va iqtisodiy jihatdan manfaatli yo‘lga aylantiradi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» qoshidagi xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi TIA ishlab chiqish uchun buyurtmachi sifatida faoliyat yuritadi. Mazkur hujjatlarning to‘liq tayyor bo‘lishi dunyo hamjamiyatini jalb qilishda muhim asos bo‘ladi.

Loyihaning umumiy qurilish muddati 5 yil etib belgilangan. Uning dastlabki qiymati 2018 yilda 5 mlrd dollar deb baholangan bo‘lsa, keyinchalik 2023 yil kuzida 7 mlrd dollargacha qayta hisoblangan. Qurilish davlat-xususiy sheriklik asosida «qur–boshqar–topshir» modelida amalga oshirilishi mumkin.

Kiritildi: 18:02 21.07.2025. O'qildi: 494 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!