Endilikda vokzalga shaxsiy avtomashinalar, taksilar hamda turistlarga xizmat ko‘rsatayotgan turli transport vositalari vokzalning kirish eshigiga qadar kelib, yuk va yo‘lovchilarini tushirib chiqib ketishlari mumkin.
Ma’lum qilinishicha, «Toshkent-Markaziy» temir yo‘l vokzali hududida avtomobillarning vokzalning kirish qismiga qadar kirib-chiqishi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, vokzal atrofidagi temir panjarali to‘siqlar ham olib tashlandi.
Vokzalga kirish hududi obodonlashtirilib, avtomobillar uchun yo‘laklar qilinib, sifatli asfalt yotqizildi, yo‘lovchi va fuqarolar uchun yo‘laklar tayyorlandi.
Ayni paytda yangi qurilgan vokzal oldi yo‘lagi sinov tariqasida ishga tushildi.
Shuningdek, yo‘lakning kirish va chiqish qismlarida nazorat shlagbaumlari va video kuzatuv kameralari hamda yo‘l belgilari o‘rnatilib, yo‘lovchilarning kirib-chiqish xavfsizligi to‘liq ta’minlandi.
Endilikda vokzalga shaxsiy avtomashinalar, taksilar hamda turistlarga xizmat ko‘rsatayotgan turli transport vositalari vokzalning kirish eshigiga qadar avtomobillarda kelib, yuk va yo‘lovchilarini tushirib chiqib ketishlari mumkin.
Bunda avtomobil vokzal oldi yo‘lagiga kelib to‘xtaydi va yuk va yo‘lovchilarini tushiradi yoki qabul qilib oladi. Agarda ushbu jarayon (avtomobil kelib to‘xtagandan yurib ketgunga qadar)
— 5 daqiqani tashkil etsa bepul;
— 5 daqiqadan 10 daqiqagacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida belgilangan to‘lov asosida;
— 10 daqiqadan oshib ketgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi «Yo‘l harakati qoidalari»ning tegishli bandlariga muvofiq jarima qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.
Jarimalar inson omili ishtirokisiz qoidabuzarliklarni aniqlovchi maxsus kameralar orqali rasmiylashtiriladi.
E’tiborlisi ayni paytda respublikamizning barcha temir temir yo‘l vokzallariga yo‘lovchi va fuqarolarni kirib-chiqishini yanada qulaylashtirish uchun barcha temir yo‘l vokzallarida o‘rnatilgan panjarali to‘siqlar olib tashlandi.
Vokzallar hududiga kirish va chiqishlar bosqichma-bosqich tarzda «Toshkent-markaziy» temir yo‘l vokzalidek bo‘lishi rejalashtirilib, yo‘l xaritasi ishlab chiqildi.