Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Toshkent shahar, Toshkent va Namangan viloyatlari bojxona boshqarmalarining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limlari tezkor xodimlari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan yengil avtotransport vositalarini Tojikiston Respublikasiga olib o‘tish va noqonuniy sotib yuborish holati bilan shug‘ulanuvchi 8 nafar shaxs fosh etildi.
Ular “BYD”, “VOLKSWAGEN”, “KAIYI X3”, “HONDA”, GEOMETRY”, “FAW ID4” va boshqa rusumlardagi 59 ta avtotransport vositasini har birini 100-200 AQSh dollari evaziga Tojikiston Respublikasiga o‘tkazib berishgan. Aniqlanishicha, mazkur avtotransport vositalarining barchasi qo‘shni davlatda noqonuniy tarzda sotib yuborilgan.
Mazkur holat yuzasidan Bojxona qo‘mitasining Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov organiga topshirildi.
"Fursatdan foydalanib, shaxsiy avtotransport vositalarini boshqa shaxslarga ishonchnoma orqali berishda yurtdoshlarimizni yana bir bor hushyorlikka chaqiramiz!
Agar ishonchnoma asosida berilgan avtotransport vositasini qaytarib olishda muammolarga duch kelayotgan bo‘lsangiz yoki avtomashina O‘zbekistondan olib chiqib ketilganligi yuzasidan shubha va gumonlaringiz bo‘lsa, zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilishingizni so‘raymiz" - deyiladi Bojxona qo‘mitasining rasmiy bayonotida.