2022-yil 5-iyul kuni Afg‘oniston hududidan beshta reaktiv snaryad Termizning “Majnuntol” mahallasiga qulagan, to‘rtta raketa beshta uyga zarar yetkazgan, beshinchisi esa futbol maydoniga tushgan edi.
26-iyun kuni ushbu jinoyatda ayblangan O.S ga hukm o‘qildi. Sud hujjatiga ko‘ra, 40 yoshli sudlanuvchi raketa snaryadlarini ISHID amirlari buyrug‘i bilan guruh maxsus instruktorlar ishtirokida 🇹🇯Tojikiston va 🇺🇿O‘zbekiston hududiga uchirgan.
U 2022-yil iyul oyida qurolli guruh a’zolari bilan Qobul shahrida terakt sodir etish maqsadida harakatlangan vaqtda “Tolibon” harakati tomonidan qo‘lga olinganidan so‘ng, 🇮🇷Eron orqali 🇵🇰Pokistonning Kvetta shahriga qochgan. O.S u yerda faoliyatini davom ettirgan.
2024-yil 20-sentyabr kuni tunda Pokiston xavfsizlik kuchlari tomonidan u va uning sheriklari yashash xonalarida qo‘lga olingan va Kvetta shahar qamoqxonasiga joylashtirilgan.
Ular 2025-yil 24-yanvarga qadar qamoqxonada saqlangan. Sudlanuvchi shu yilning 24-yanvar kuni O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan maxsus reys bilan Toshkentga olib kelingan.
U sud hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan aybli deb topilib, uzil-kesil 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.