Italiyalik mutaxassis Stefano Pioli Saudiya Arabistonining "An-Nasr" klubi bosh murabbiyi lavozimini tark etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Oldinroq matbuotda Stefano Italiya A Seriyasiga qaytishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Murabbiy xizmatlariga "Fiorentina" qiziqmoqda. Italiya chempionatida Pioli "Inter", "Milan", "Lasio", "Bolonya" va "Fiorentina"dagi faoliyati bilan tanilgan. Stefano o‘tgan yilning sentyabr oyidan beri "An-Nasr"ni boshqarib kelayotgandi. Uning qo‘l ostida jamoa Saudiya Arabistoni chempionatining 2024/2025 yilgi mavsumi turnir jadvalida uchinchi o‘rinni egalladi.