Nashrning yozishicha, Istanbulning sobiq meri va muxolifat vakili Ekrem Imamo‘g‘lu ustidan ochilgan ish bo‘yicha sud tinglovi bugun, 12 iyun kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgandi, ammo Imamo‘g‘lu va uning advokatlari sud majlisining joyi oxirgi daqiqalarda o‘zgartirilganini “qonuniy emas” deya ta’kidlab, sud majlisiga borishdan bosh tortgan. Shundan so‘ng sud navbatdagi tinglov sessiyasini 26 sentyabrga qoldirgan.
Sud majlisi dastlab Istanbulning Chag‘layan sudi binosida bo‘lishi kerak edi, lekin bir kun oldin sud manzili o‘zgartirilib, Silivri qamoqxonasidagi sud zaliga ko‘chirildi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi hisoblangan Ekrem Imamo‘g‘lu joriy yilning 19 mart kuni korrupsiya va jinoiy tashkilot faoliyatida qatnashishda gumonlanib, hibsga olingan edi. Turkiyaning davlatga qarashli Anadolu agentligining xabar berishicha, siyosatchi terrorchilikda ayblanib, tergov qilinmoqda. Xususan, u Turkiyada taqiqlangan “Kurdiston ishchilar partiyasi”ni qo‘llab-quvvatlashda ayblanmoqda.
Imamo‘g‘luning qo‘lga olinishi Turkiyada 2013 yildan beri eng yirik norozilik to‘lqiniga sabab bo‘ldi. Sobiq hokim hibsga olinganidan keyingi 10 kun ichida butun mamlakat bo‘ylab uni qo‘llab-quvvatlovchi 220 ga yaqin namoyish bo‘lib o‘tdi.