Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
"Bugun armiyamiz jangchilari, milliy gvardiyachilar va chegarachilar uyiga qaytdi. Ular davolanishga muhtoj, albatta, zaruriy yordam ko‘rsatiladi. Bu og‘ir yaralangan va kasallangan jangchilarni qaytarish bo‘yicha ikkinchi almashinuv", — deb yozdi Zelenskiy Telegram kanalida.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa Rossiya armiyasi xizmatchilari Belarusga olib kelingani, u yerda ularga psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qildi.
9 iyun kuni ham Rossiya va Ukraina tomonlari yoshi 25 yoshdan kichik bo‘lgan harbiy asirlarni almashgan edi. Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, yaralangan va sog‘lig‘i yomonlashgan harbiy xizmatchilar ham vataniga qaytarilgan. O‘shanda Ukrainadagi Asirlar bilan ishlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtab, xavfsizlik nuqtai nazaridan, ozod qilinganlar soni butun jarayon tugagandan so‘ng e’lon qilinishini bildirgan edi.
Keyingi kuni tomonlar og‘ir yaralangan va salomatligi yomonlashgan harbiy asirlarni almashdi.
2 iyun kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Rossiya va Ukraina delegasiyalari o‘rtasidagi muzokaralarda keng ko‘lamli asirlar almashinuvini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgandi. Tomonlar og‘ir yaralangan harbiylar, 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan asirlarni almashish, shuningdek, halok bo‘lgan 6000 nafar harbiy xizmatchining jasadlarini qaytarish yuzasidan kelishib olgan edi.