AQShda milliy gvardiya qo‘shinlari endi Texas shtatiga ham kiritildi. Bu qaror Los-Anjelesda boshlangan va butun mamlakatga yoyilayotgan norozilik namoyishlari tufayli qabul qilindi.
Shtat gubernatori Greg Ebbotning ta’kidlashicha, bu choralar tinchlik va tartibni ta’minlash maqsadida ko‘rilmoqda.
Mahalliy manbalarga ko‘ra, AQShning bir qator shaharlarida, xususan, Ostin, Dallas, Luisvill, Atlanta va Nyu Yorkda yuz bergan norozilik aksiyalari asnosida bir nechta namoyishchi qo‘lga olingan. Nyu York polisiyasi, xususan, AQSh Immigrasiya va bojxona xizmati (ICE) binosi oldida o‘tkazilgan mitingda ko‘plab faollarni hibsga olganini ma’lum qildi.
Kaliforniyada esa noroziliklar tobora kuchayib, polisiya ko‘z yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalar ishlatdi. Bu vaziyatda AQSh prezidenti Donald Tramp Pentagonga Los Anjelesga 2 ming nafar milliy gvardiyachilarni yuborish buyrug‘ini berdi. 8 iyun kuni shahar ko‘chalarida qurollangan harbiylar paydo bo‘ldi. Ammo bu qaror mahalliy hokimiyat, jumladan, Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom qarshiligiga uchradi.
Nyusom bu qarorni shovqin ko‘tarish deb baholab, federal hukumatga qarshi sudga murojaat qildi. Uning ta’kidlashicha, milliy gvardiyani yuborish qarori Kaliforniya hukumati bilan kelishilmagan va bu muammoni hal qilish o‘rniga, uni keskinlashtirgan.
Bu orqali federal va mahalliy hokimiyat o‘rtasidagi ziddiyat yanada yaqqollashdi. Donald Tramp esa o‘z navbatida Nyusomni yetarli darajada qat’iyatsizlik va noroziliklar ko‘lamini to‘g‘ri baholay olmaslikda aybladi.
11 iyunga o‘tar kechasi Los Anjeles meri Karen Bass shahar markazida komendantlik soati joriy qildi. Bu chora 23ta do‘kon — jumladan, Adidas, Apple, dorixona va zargarlik do‘konlariga qilingan hujumlar ortidan qabul qilindi. Meri Bass aholini shahar markazidan uzoqlashishga chaqirdi va komendantlik soatiga rioya qilmaganlar javobgarlikka tortilishini bildirib o‘tdi.